Taʼlim muassasalari oshxonalari xodimlariga qoʻyilgan gigiyenik talablar haqida bilasizmi?
Nurmat Atabekov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi oʻrinbosari:
— Taʼlim muassasalarida oʻquvchilar oʻrtasida yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish maqsadida xodimlar tomonidan shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi uchun oshxonada sharoitlar yaratilishi kerak.
Ovqatlanish oshxonalarida xodimlar uchun moʻljallangan maxsus ish kiyimlarini markazlashgan holda yuvishni tashkil qilish zarur.
Shamollash yoki oshqozon-ichak kasalliklari bezovta qilganda, oʻz oilasida ichak infeksiyalari bilan xastalanish qayd etilgan barcha holatlarda, shuningdek yiringli yaralar, kesilishlar, kuyishlar haqida ishchi maʼmuriyatni ogohlantirishi kerak va tibbiy yordam uchun murojaat qilishi lozim.
Ichak infeksiyalari, terining yiringlashi, yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanish kasalliklari boʻlsa, biror joyi kuygan yoki kesilgan boʻlsa, vaqtincha ishga qoʻyilmaydi.
Faqat sogʻayganidan soʻng, tibbiy koʻrik va shifokor xulosasiga qarab qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Oshxona birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun dori qutisi bilan taʼminlanishi zarur.
Bundan tashqari, oshxona ishchi-xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtgan va zarur hollarda “Sanitariya minimumi” oʻquv kurslarida oʻqigan boʻlishlari lozim.
Kunlik ish jarayonidan soʻng yuvuvchi va zararsizlantiruvchi vositalarning taʼsir foizidan toʻgʻri foydalanilgan holda tozalash ishlarini olib borish shart.
Tez aynuvchi va tez buziluvchi, pishgan va xom oziq-ovqat mahsulotlarini vaqtinchalik saqlash uchun sovitkichlar yetarli tashkil etilishi kerak.
Kunlik tayyorlanadigan barcha yeguliklardan kunlik namunalar 24 soat davomida sovitkichlarda saqlanishi zarur.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring