Taklif: maktab taʼtillarini isloh qilsa boʻladimi?

14:54 20 Avgust 2020 Jamiyat
1662 0

Foto: O'zA

Avgustning boshi edi. Beshinchi sinf oʻquvchisi — jiyanim «Uff, maktab qachon boshlanar ekan» deb qoldi. Uning yozgi taʼtilga chiqqaniga mana 3 oy boʻlyapti. Sezdimki, oʻrtoqlari bilan deyarli barcha oʻyinlarni oʻynab boʻlgan, endi zerikishni boshladi. Nazarimda, u maktab hayotidan, darslardan ham anchayin uzoqlashgandek. Va shu asnoda oʻquvchilarning taʼtil muddati bunchalik uzoq davom etishi qanchalik toʻgʻri ekan deya oʻylab qoldim.

Yurtimizdagi maktablarni isitish uchun qancha-qancha mablagʻ sarflanadi. Qolaversa, hamma taʼlim maskanlarida va har doim ham isitish koʻngildagidek boʻlmasligi oqibatida bolalarning tez-tez shamollashi kuzatiladi. Bu, esa avvalo, farzand salomatligiga, qolaversa, oila byudjetiga zarar keltiradi.

Yoz oyidagi uzoq muddatli taʼtil esa bolalarni haddan ortiq erkinlikka oʻrgatib qoʻyishi bilan birga bekorchi narsalarga vaqt sarflashlariga sabab boʻlyapti. Agarda oʻquv yilini 20-avgustdan boshlab, yozgi dam olish vaqtini 20-iyundan belgilab, qishki taʼtil muddatini uzaytirsak, har taraflama qulaylikka erishishimiz mumkin. Negaki, darsda qatnashish uchun noqulay boʻlgan asosiy jazirama kunlar saratondan boshlanadi.

Endi, buning oʻziga yarasha samarali tomonlarini koʻrib chiqaylik. Masalan, agarda qishki taʼtil bir oy muddatga uzaytirilsa, foydali boʻlishi ehtimoli yuqori. Bir oy vaqt mobaynida barcha maktablarda isitish xarajatlari tejaladi.  Iqtisod qilingan mablagʻni esa maktabning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga sarflash mumkin.

Bundan tashqari, qishda sovuq va noqulay ob-havo tufayli bolalarning maktabga qatnashida ham muammolar boʻlishi tabiiy. Taʼtil esa qorli kunlarda bolajonlarning qiynalmasliklarida hamda salomatliklarini asrashda ham samarali usul sanaladi. Oʻylab qaralsa, 3 kun kasal boʻlib qolgan bola 3 kunlik darsni oʻzlashtirolmaydi. Tengdoshlaridan orqada qoladi va aynan bilim olishda maʼlum boʻshliqlar yuzaga keladi. Bunday muammolar oʻsib kelayotgan avlodning kelajagiga jiddiy taʼsir oʻtkazmay qolmaydi.

Jahon tajribasiga qaraydigan boʻlsak, Yevropada yozgi kanikul 2 oy (iyul-avgust oylari) davom etadi. Germaniyada taʼtil tizimi « tez-tezu, ammo qisqa» tamoyiliga asoslangan. Yozgi dam olish uzogʻi bilan 6 hafta boʻlsa, yil davomida ham qisqa taʼtillar beriladi. Barchani oʻz taʼlim tajribasi bilan lol qoldirgan Yaponiyada esa yozgi taʼtil 40 kun boʻlib, 20-iyuldan 31-avgustgacha davom etadi. Bundan koʻrinadiki, taʼlimning uzluksizligini taʼminlash bosh masala. Yozgi uzoq muddatli taʼtilning oʻrniga qishki dam olish vaqtini uzaytirish bolalar uchun ham, ularning ota-onalari uchun ham, qolaversa, davlat uchun ham kerakli va samaralidir.

... Kecha oʻsha jiyanim «Oʻqishimiz boshlanar ekan, urreye!» deb qoldi. Bildimki, uning bilim olishga ishtiyoqi baland. Shunday ekan oʻquvchilarning ayni oʻqishga qiziqishi yuqori, bilimlarni qabul qilish qobiliyati shakllanayotgan davridan unumli foydalanish kerak va fikrimcha, taʼlim tizimida keng koʻlamda olib borilayotgan yangiliklar, oʻzgarishlar kabi, maktab taʼtillarini isloh qilish boʻyicha ham chuqur oʻylab koʻrish lozim.

Umid qilamizki, Xalq taʼlimi vazirligi ushbu taklif boʻyicha oʻz munosabatini bildiradi.

Sevinch ANVARBEKOVA,
Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер