Tailandda karantinga olingan parkdan qochgan fil fermerning hayotiga zomin boʻldi
Tailandning Chiangmay provinsiyasidagi koronavirus tufayli yopilgan turistik parkdan qochgan fil fermerni bosib ketdi va hayotiga zomin boʻldi. Fermer hayvonni bogʻidan haydab, parkiga qaytarmoqchi boʻlgan edi. Bu haqida RIA Novosti mahalliy OAVga tayanib xabar berdi.
Gap shundaki, daromadning keskin tushib ketishi va turistlarning yoʻqligi sabab yopilgan attraksion rahbarlari fillarga parkdan tashqariga chiqishlariga “ruxsat” berishga qaror qilishdi. Faqat ular qochib ketmasliklari uchun oyoqlaridan uzun zanjir bilan daraxtga bogʻlab qoʻyishdi.
Fillar esa karantindan oldingi davrda banan bilan boqilardi. Hozir bunday imkoniyat yoʻq.
Ana shunday sharoitda qolgan urgʻochi fillardan biri zanjirini uzib, park yaqinidagi fermerga tegishli meva-sabzavotlar yetishtiriladigan bogʻga kirib borgan.
Bu paytda bogʻning 68 yoshli egasi oʻzi ekkan oʻsimliklari parvarishi bilan shugʻullanayotgan edi. U hududga bostirib kirgan jonivorni koʻrib qolib, uni haydab yuborishga uringan. Hayvon esa unga hujum qilib, toptab tashlagan.
Chiangmay provinsiyasi politsiyasi park egasiga nisbatan jinoiy ish ochdi.
Odatiy paytda ushbu hududdagi oʻnlab fil fermalari va parklari turistlarga jonivorlarga minib, junglilar hamda togʻlarga sayr etish xizmatlarini taklif etib kelardi, oʻrgatilgan fillar ishtirokida shoular qoʻyib berishardi.
Tailandda koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish boʻyicha qabul qilingan cheklov choralari doirasida esa barcha sayyohlik obyektlari yopildi. Oqibatda attraksionlar kunlik daromadidan, demakki, jonivorlar uchun ozuqa sotib olishga sarflanadigan mablagʻlaridan ayrildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring