Tahlilsiz tanqid changga qurilgan qasr kabidir!

20:27 09 Iyun 2021 Iqtisodiyot
1183 0

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish — bugun nafaqat Oʻzbekistonda, balki insoniyat yashab turgan Yer sharida ham global masala hisoblanadi. Yuliy Yusupov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali eʼlon qilingan «Ekonomika katastrof: kogda reforma v energetike?» sarlavhali postida bu borada oʻz takliflarini ilgari suradi. Uning fikrlari va takliflarini oʻqib, kishi taajjubga tushadi. Goʻyoki, sohada hech qanday islohotlar amalga oshirilmayotgandek. Yoki boʻlmasa, 4 yil oldingi energiya taʼminoti bilan bogʻliq haqiqiy holatni bilmagandek.

Shu oʻrinda, 2021-yil 12-fevral kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasiga eʼtiborni qaratsak.

Hujjat bilan Prezident va Oliy Majlisga hisobdor organ – Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozori regulyatori tashkil etilishi belgilanmoqda va quyidagilar regulyatorning asosiy vazifalari ekani keltiriladi:

energetika sohasida davlat ulushini kamaytirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlash hamda eng yaxshi takliflar va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali elektr energiyasini yakuniy isteʼmolchilarga yetkazib berish narxlarining asossiz oshishining oldini olish;

energetika sohasida raqobatli bozorni shakllantirishni tashkillashtirish, barcha ishtirokchilar uchun teng huquqlar va shaffoflikni taʼminlovchi bozor qonun-qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda barcha bozor ishtirokchilari tomonidan mazkur qonun-qoidalarga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni oʻrnatish;

elektr energiyasi tariflarini shakllantirishda aholining kam taʼminlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishga oid normalarni joriy etish;

asosiy qurilmalari mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning texnologiyalaridan tashkil topgan elektr stansiyalarni ragʻbatlantiruvchi mexanizmni joriy etish;

xalqaro biznes amaliyotiga muvofiq, tabiiy va suyultirilgan gaz savdosini erkinlashtirish va xizmatlar sifatini yaxshilash;

mamlakat ichida suyultirilgan gaz tashish va tarqatish xizmatlari uchun iqtisodiy asosga ega boʻlgan alohida toʻlanadigan tariflarni belgilash.

Koʻrinib turibdiki, Yusupov ilgari surayotgan takliflar qariyb 4 oy oldin hujjat loyihasidan oʻrin olib, xalq muhokamasidan oʻtkazilib boʻlindi. Biz faqatgina eng soʻnggi loyiha haqida gapirib oʻtdik.

Umuman olganda, energiya resurslari va undan foydalanish bilan bogʻliq muammolarning tizimli ravishda oʻz yechimini topayotganini barchamiz oʻz hayotimizda koʻrib, guvohi boʻlyapmiz. Bundan 4-5 yil oldin mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida soatlab, jadval asosida elektr energiyasidan uzib qoʻyilishiga deyarli barham berildi. Isteʼmol qilingan energiya uchun toʻlovning zamonaviy va shaffof tizimi yoʻlga qoʻyildi. Joriy uzilishlar esa, uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarning oqibatidir. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar sohada yaqin vaqtlar ichida oʻzining ijobiy samaralarini beradi, albatta.

Nodir JUMAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер