Tadbirkorni qiynayotgan muammo nima?
“Agro kompleks Karakalpakstan” majmuasi — Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi qishloq xoʻjaligi sohasidagi eng yirik loyihalaridan biri.
Uning umumiy qiymati 32 milliard soʻmga teng. Mahalliy tadbirkor va AQSHlik investor hamkorligida faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgan mazkur majmua oʻz ichiga 5 ta obyektni jam qilgan. Koʻzlangan rejaga koʻra, bu yerda ozuqa-yem tayyorlashdan tortib, goʻsht mahsulotlarini yetkazib berishgacha boʻlgan jarayon ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Ayni paytda chorvachilik xoʻjaligini tashkil etish ishlari yakuniga yetkazilayotir.
Loyiha ishlari qisqa fursatlarda, ortiqcha muammo hamda toʻsiqlarsiz amalga oshirilyapti. Tadbirkorlarni qiynayotgan birgina masala, bu — xorijdan olib kelinayotgan qurilish konstruksiyasi detallari uchun boj toʻlovlarining bir oz qimmatligidadir.
Eʼtibor bering, mazkur xoʻjalikni barpo etish uchun Rossiya Federatsiyasidan olib kelinayotgan jihoz va uskunalarning ayrimlari oʻzimizda ham ishlab chiqariladi. Maʼlumki, belgilangan tartib-qoidalarga koʻra, chetdan kirib kelayotgan tovar va uskunalarning analoglari yurtimizda ham ishlab chiqarilayotgan boʻlsa, unda barcha bojxona toʻlovlarini toʻliqligicha amalga oshirish zarurligi belgilab qoʻyilgan.
Lekin, ushbu korxona uchun zarur boʻlgan anjomlarni bir qismini Oʻzbekistondan, qolganini Rossiyadan olib kelishning ham sira iloji yoʻq. Sababi, keltirilayotgan konstruksiya yaxlit holda sotiladi. Shu bois, mazkur noqulay vaziyatdan chiqish va korxonani tezroq ishga tushirish maqsadida agrofirma rahbarlari Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasiga yordam soʻrab murojaat qilishdi.
Hududiy ishchi guruhlar tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va istiqbolli loyihani tezlashtirish maqsadida xorijdan keltirilayotgan xom ashyo va uskunalar uchun belgilangan tartibda bojxona imtiyozlarini taqdim etish choralarni koʻrishmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring