Tadbirkorlik subyektlarining bank hisob raqamlaridagi pul mablagʻlari daxlsizligi taʼminlanadi

16:50 23 Yanvar 2023 Siyosat
665 0

Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining bank hisob raqamlaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul mablagʻlari olib qoʻyish yoki ortiqcha undirilgan va toʻlangan pul mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarmagan holatlar vujudga kelmoqda.

Xususan, 2021-2022-yillarda Biznes-ombudsman devoniga jami 840 ta yuqoridagi masalaga oid tadbirkorlarning murojaatlari kelib tushgan boʻlsa, shundan 557 tasi hal etilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bu haqda maʼlum qilindi.

Yigʻilishda dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasining maqsadi — tadbirkorlik subyektlarining bank hisob raqamlaridagi pul mablagʻlarining daxlsizligini taʼminlash hamda davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlarining mansabdor shaxslari javobgarligini oshirishdan iborat.

Ushbu hujjat bilan tadbirkorlarning bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini ularning roziligisiz koʻchirish yoki olib qoʻyish holatlari boʻyicha maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralarini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlarini tadbirkorlik subyektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda koʻchirish yoki qoʻyish 6 mln. soʻmdan 12 mln. soʻmgacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlarining qonunniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga imkon yaratishi bilan birga, tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi daxlsizligi taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi nuqtayi nazariga koʻra, xususiy mulk huquqi va kafolatlarning ishonchli himoyasini taʼminlash, barcha toʻsiq va cheklovlarni bartaraf etish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish yoʻlida toʻliq erkinlik berish mamlakat iqtisodiy tizimini liberallashtirishning eng muhim yoʻnalishidir.

Shu nuqtayi nazardan, partiya har qanday holatda ham tadbirkorlar va ishbilarmonlarning manfaatlarini himoya qilishga, ularning mulk huquqi daxlsizligini taʼminlashga astoydil harakat qiladi hamda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va toʻsqinlik qilganlik, uni asossiz toʻxtatib turganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirishni muhim, deb hisoblaydi.

Yigʻilishda fraksiya qonun loyihasi yuzasidan bir qator takliflar bergan holda, loyihaning qabul qilinishi partiya elektorati boʻlgan tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini inobatga olib, uni qoʻllab-quvvatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер