Tadbirkorlik ortidan baraka topdik
Oʻzbekistonda tadbirkorlik qila boshlaganimga oʻn ikki yil boʻldi. Oʻtgan davr ichida avtomobil faralari va yoritish vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarishni puxta yoʻlga qoʻyib oldim. 120 kishilik mehnat jamoasi bilan yiliga 400 ming donaga yetkazib import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlayapmiz. Bundan mamlakat mashinasozlik sanoatini zamonaviy butlovchi qismlar bilan taʼminlashga baholi qudrat hissa qoʻshayotganimizni anglab olsa boʻladi.
Joylarda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti bu ishga qoʻl urgan har bir insonni yangidan-yangi gʻoyalarga chorlaydi. Buni mahsulot turlari muntazam koʻpayib borayotgan korxonamiz misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Misol uchun, yakunlanayotgan yilda oxiriga yetkazgan navbatdagi loyihamiz asosida “Oʻzavtomotors”ning yana besh rusumdagi avtomobilining oldi yoritish chiroqlarini tayyorlashni oʻzlashtirdik. Mehnatchilarimiz soni ortishi barobarida ishlab chiqarish hajmi deyarli ikki barobarga oʻsdi. Eksport faoliyatini yoʻlga qoʻydik. Qisqa muddat ichida Rossiya, Qozogʻistondagi hamkorlarimizga 200 ming dollardan koʻproq avtofaralarni yetkazib berildi.
Oʻylab qarasam, Namanganda biznesga sarmoya tikib toʻgʻri qilgan ekanman. Odamlari samimiy va mehnatkash, mahalliy yoshlar texnologik jihatdan anchagina murakkab boʻlgan kasbni tezda oʻzlashtirib olishdi.
Aytganlarim, Yangi Oʻzbekistonning birgina tumani misolida xorijiy investitsiyaga keng yoʻl ochilgani u keltirayotgan samara haqida yaxshigina tasavvur beradi, deb oʻylayman. Qolaversa, bizniki singari hamkorlik korxonalarini respublikaning barcha hududlarida uchratasiz. Ular mahalliy hokimiyatlar koʻmagida biznesini tashkil etib, joylarda iqtisodiyot rivoji, bandlik masalalariga oʻz hissasini qoʻshayotgani bilan eʼtiborni tortadi.
Kadeyer ROUZI,
Yangi Namangan tumanidagi “Kadeer parts
industry” xorijiy korxonasi taʼsischisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring