Tadbirkorlarning energiya resurslaridan foydalanish holatlari tekshiriladi
Foto: Arxiv surat
“Kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–440-son, 12.12.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra:
2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-martgacha import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlar tomonidan yakuniy isteʼmolchilarga sotiladigan AI-80 avtobenzin uchun, istisno tariqasida, aksiz soligʻi “nol” stavkada qoʻllaniladi.
2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-aprelgacha Prezident huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishmasdan tadbirkorlarni ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga aralashmagan holda energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari boʻyicha tekshirishga ruxsat berildi.
Tekshiruvlar natijalari boʻyicha avtobenzin mahsulotlarining ortiqcha yoʻqotishlariga va talon-tarojliklarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga qonunchilikda belgilangan jazo choralarini qoʻllash, shuningdek, ularning faoliyatiga huquqiy baho berish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnomalar kiritiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring