Tadbirkor va davlat organi oʻrtasidagi muloqotning shaffofligi taʼminlanadi
“Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, davlat xizmatchisi davlat organi nomidan yoki oʻzining xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkor faoliyat yuritadigan binoga nazorat yoki profilaktika tadbirini oʻtkazish maqsadisiz tashrif buyurishi yoxud tadbirkorni boshqa joyga chaqirishi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot (muloqot) sifatida baholanadi.
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga muloqot haqidagi maʼlumotlarni kiritish davlat xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi va ushbu talabga rioya etmaganlik tegishli tartibda xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi uchun asos boʻladi. Boʻlib oʻtgan muloqotning asosli yoki asossiz ekanligiga baho berish tegishli davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi yoki ushbu funksiyani amalga oshirish yuklatilgan boʻlinma yoxud mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
Ayni bir tadbirkorlik subyekti bilan 1-yil davomida 2 va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchisiga quyidagi choralar qoʻllanadi:
- davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi;
- ayni shu tadbirkorlik subyektida oʻtkaziladigan nazorat tadbirlariga oxirgi muloqot qayd etilgan sanadan eʼtiboran 12 oy davomida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
- mazkur taqiqqa rioya etmaslik tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish tartibini buzish hisoblanadi hamda tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma amal qilishining 3 oygacha toʻxtatib turilishiga olib keladi;
- tadbirkor faoliyatini tekshirish va ular bilan muloqot qilish tartibini surunkali tarzda buzuvchi shaxslar 6 oy muddatga Insofsiz tekshiruvchilar reyestriga kiritiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring