Tadbirkor faoliyatiga aralashish holatiga chek qoʻyildi
Illyustrativ foto
Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga koʻmaklashish va ular faoliyatida uchrayotgan muammolar huquqiy yechimlarini topishda amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda.
Xususan, Vakil devoniga Yangiqoʻrgʻon tumanida faoliyat yurituvchi “Servis N” MCHJ (nomi oʻzgartirilgan) rahbarining maktabgacha taʼlim tashkilotlariga sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish bilan bogʻliq faoliyatiga Yangiqoʻrgʻon tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi shoʻba mudiri tomonidan aralashuvlar boʻlayotganligi xususida yozgan murojaati kelib tushdi.
Murojaatda tadbirkor maktabgacha taʼlim tashkilotlariga sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish bilan bogʻliq faoliyatiga Yangiqoʻrgʻon tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan boʻlim shoʻba mudiriga qonunga asoslanmagan buyruq bilan vakolat berilganligi sababli aralashuvlar boʻlayotganligi bayon qilingan.
Tadbirkor murojaatini oʻrganish jarayonida Yangiqoʻrgʻon tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻining 14.06.2023-yildagi buyrugʻiga asosan Davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini hamda oʻqitishning muqobil shakllarini tashkil etish shoʻbasi mudiriga vakolat doirasiga taalluqli boʻlmagan funksiya belgilanganligi sababli tadbirkor faoliyatiga aralashuv holati kuzatilganligi aniqlandi.
Mazkur holat boʻyicha boʻlimning yuqoridagi buyrugʻini amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligiga huquqiy baho berish boʻyicha Namangan viloyat adliya boshqarmasiga xat kiritildi. Yangiqoʻrgʻon tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻining 14.06.2023-yildagi buyrugʻi qonunga muvofiqlashtirilib, tegishli yuridik xizmat koʻrsatish markazining xulosasi olinishi taʼminlandi va tadbirkor faoliyatiga aralashuv holatiga chek qoʻyildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring