Tabiat aybimi yoki inson omilimi?
“Oʻylaymizki, ushbu voqea faoliyatimizni doimiy ravishda kuzatib boruvchilar uchun birinchi yoki soʻnggisi emas. Namangan viloyatida yana bitta muammo isteʼmolchining foydasiga hal etildi”, deb yozadi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati.
Namangan viloyatining Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A. Toʻxtaboyev hunarmandchilik bilan shugʻullanadi. U oʻz faoliyatini yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazib, shaxsiy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. Unga tegishli boʻlgan sexni elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida, “Namangan hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi bilan bir yil muddatga shartnoma tuzgan va belgilangan limit doirasida isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi uchun oldindan haq toʻlagan.
Biroq tadbirkor tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotga buyurtmalar juda oz boʻlgani sababli, ishlab chiqarish maʼlum muddat turib qolgan va ushbu toʻgʻrisida elektr taʼminoti korxonasiga rasmiy ravishda maʼlum qilingan. Tabiiyki, sex ishlamayapti, elektr energiyasi sarflanmayapti va eng asosiysi ushbu toʻgʻrisida tegishli tashkilot xabardor qilindi. Biroq, bu holatga yil mavsumlarini taʼsiri anchagina noqulayliklarni yuzaga kelishiga sabab boʻldi.
Maʼlumki, bu yili bahor oʻtgan yillarga nisbatan ancha shiddatli – momaqaldiroq va chaqmoqlarga boy keldi, surunkali jalalar oqibatida koʻchalar, yertoʻlalar suvga toʻlib toshdi. Faqatgina may-aprel oylarida chaqmoq sababli ishlab turgan transformator ikki marta ishdan chiqdi, uning oqibatida sexga oʻrnatilgan hisoblagich ham notoʻgʻri ishlay boshladi. Albatta, hisoblagich ishlamasa, demak elektr quvvati yoʻq, biroq tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ishlatilmagan elektr energiyasi uchun asossiz qarzdorlikni hisoblanishi tadbirkor A. Toʻxtaboyevni Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Namangan hududiy boshqarmasiga murojaat qilishiga sabab boʻldi.
Hududiy boshqarma mutaxassislari tabiatning bu kabi “sovgʻalari”ni hisobga olgan holda, vaziyatni jiddiy oʻrganishga kirishdilar. Diqqat eʼtibor – inson omiliga qaratildi, sababi javob beruvi aynan shu holatdan foydalanib qolmoqchi boʻlgan.
Endi masalani mohiyatiga kelsak. Ha, haqiqatda ham transformator chaqmoq tushishi sababli yonib ketgan, bu oʻz navbatida sexda oʻrnatilgan hisoblagichni ishdan chiqargan – yaʼni hisoblagich juda tez aylana boshlagan. Bu masalani bir tomoni, olib borilgan oʻrganishlar davomida shuningdek isteʼmolchining “shaxsiy kabineti” maʼlumotlar ham koʻrib chiqildi. Natijada, tuman elektr tarmoqlari korxonasi hisoblagich ishlamagan davrda sexni hisobiga 23 413 Kvt./soat ortiqcha elektr energiyasi sarfini yozib qoʻygan, uni pulga aylantirsa deyarli 8,9 mln.soʻm boʻladi.
Oʻrganishlar natijasida tadbirkor A. Toʻxtaboyevga nisbatan hisoblangan asossiz qarzdorlik isteʼmolchining hisobiga qayta hisob-kitob qilib berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring