Suv taqchilligini yengishda maqbul yechim

20:11 14 Iyul 2022 Jamiyat
831 0

Foto: Xalq so‘zi

Termiz davlat universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan, mahalliy xom ashyo asosida suv va mineral resurslarni tejovchi, yuqori boʻkuvchan va bioparchalanuvchan gidrogellar ishlab chiqarish loyihasi koʻpchilikning eʼtiborini oʻziga tortmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan loyihaga koʻra, yiliga 60 tonna ushbu turdagi mahsulot ishlab chiqariladi.

—  Biz ishlab chiqarayotgan gidrogellarni oʻsimliklarning barcha turida keng qoʻllash mumkin, — deydi Termiz davlat universiteti doktoranti, loyiha muallifi Bahodir Xolnazarov. — Sugʻorish tizimi mavjud boʻlmagan va lalmi maydonlarda yangi bogʻ-rogʻlar yaratishda ushbu gidrogel mahsulotining ahamiyati katta. Sodda qilib aytganda, 5 gramm gidrogel 10 litr suvga boʻktirilgach, oʻsimlik va daraxtlarning ildiz qismiga yaqin koʻmib qoʻyiladi. Shu orqali 3 oygacha suv va minerallar bilan toʻyintiriladi. Muhimi shundaki, ushbu ilgʻor innovatsion sugʻorish uslubi odatdagiga nisbatan 40-45 foiz suv sarfini kamaytiradi.

Gidrogeldan ikki yil davomida foydalanilsa ham, u oʻz xossalarini yoʻqotmaydi. Eskirgan gidrogel destruksiyalanishidan hosil boʻlgan mahsulotlar yerning infrastrukturasini buzmaydi. Aksincha, azotli oʻgʻit sifatida oʻsimliklar tomonidan oʻzlashtirishga qulay hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2021-yilning 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan Oltinsoy tumanida tashkil etilgan “Yoshlar innovatsion ishlab chiqarish zonasi”da shu kabi jami 9 ta innovatsion loyiha amaliyotga tatbiq etilgan. Buning uchun 9 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер