Surxondaryoda saylov jarayonlari qizgʻin

11:08 27 Oktyabr 2024 Jamiyat
251 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi Surxondaryo viloyatida ham qizgʻin davom etmoqda.

Ertalab soat 8.00 da Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlangan 865 ta saylov uchastkasidagi ovoz berish jarayonlarida saylovchilar eng munosib nomzodlar uchun ovoz bermoqda. Saylov uchastkalarida saylovchilar uchun qulayliklar yaratilgan.

Xususan, Termiz shahridagi zamonaviy binoda joylashgan 251-saylov uchastkasida saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha qulaylik mavjud. Saylov uchastkasi binosi talab darajasida jihozlangan. Uchastkadagi stendlarda nomzodlarga oid maʼlumotlar, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan namunadagi ovoz berish byulleteni va uni toʻldirish tartibi joylashtirilgan. Saylov uchastkasining xaritasi, uchastka komissiyasi aʼzolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchilik jadvali, fuqarolar murojaati uchun Markaziy saylov komissiyasining ishonch telefoni yoki elektron manzili, okrug saylov komissiyasi, Termiz shahar sudi va prokuraturasi telefon raqamlari aks ettirilgan maʼlumotlar ham bor.

— Erta tongdan saylov uchastkalari saylovchilar bilan gavjum, — deydi mehnat faxriysi Poyon Bakirov. — Demak, fuqarolarimizning siyosiy ongi ortgan, siyosiy jarayonlarga befarq emas. Bu, albatta, mamlakatimiz keyingi yillarda yangi bosqichda yuksalayotganini koʻrsatmoqda. Saylovchilar oʻzlari xohlagan nomzodga ovoz bermoqda. Saylovchining oʻz ovozini belgilashidan tashqari barcha jarayonlar shaffof, ochiq va oshkora amalga oshirilmoqda.

Otamurod Oqmurodov bu yil ilk marotaba saylovlarda ishtirok etmoqda. U oʻzi tanlagan nomzodni yoqlab ovoz berdi.

— Bu jarayon men uchun juda hayajonli kechmoqda, — deydi O.Oqmurodov. — Boisi men oʻz kelajagim uchun ovoz berdim. Siyosiy partiyalar va nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan oldindan tanishib chiqqandim. Oʻzimning xohish-istaklarimga hamohang nomzodga ovoz berdim. Ushbu jarayonni demokratik tamoyillar asosida amalga oshirganimni ham aytishim kerak. Umuman olganda, saylov juda muhim va qiziq jarayon ekanini bevosita ishtirok etib chuqurroq angladim.

Viloyatda muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida 45 ming 589 nafar saylovchi oʻzlarining huquqlaridan foydalangan holda ovoz berishgan edi. Bugungi oʻtkazilayotgan saylovda 1 million 431 ming 860 dan ortiq fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер