Surxondaryoda qishloq xoʻjaligi yerlariga 730 million soʻm zarar yetkazilgan — “Oʻzagroinspeksiya”

18:19 21 Fevral 2024 Iqtisodiyot
421 0

Foto: “Oʻzagroinspeksiya” matbuot xizmati

“Oʻzagroinspeksiya”ning Surxondaryo viloyat boshqarmasi Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi tomonidan qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilish yuzasidan nazorat tadbirlarni olib bormoqda.

“Oʻzagroinspeksiya” Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan maʼlum qilinishicha, 2024-yilda viloyat boʻyicha 55 ta holatda 0.71 gektar yer maydonida oʻzboshimchalik bilan yerlarning qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan jami 730 mln 170 ming soʻm miqdorida yetkazilgan zarar hisoblanib, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlariga 3 ta xulosalar berilgan va 1 ta holatda yetkazilgan zararni ixtiyoriy qoplash yuzasidan ogohlantirish xati chiqarilgan.

Xususan, Angor tumani “Zang” massivi “Zartepa” mahallasida yashovchi fuqaro B. S. tomonidan 0.002 gektar yer maydoni oʻzboshimchalik bilan egallab olinib, beton poydevor qurganligi holati aniqlangan.

Ushbu holat boʻyicha yetkazilgan zararni ixtiyoriy qoplash yuzasidan ogohlantirish xati chiqarilib, yer maydonida qurilgan beton poydevor fuqaro tomonidan ixtiyoriy ravishda buzdirilgan.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Termiz, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon tumanlarida faoliyat yuritib kelayotgan fermer xoʻjaliklari tomonidan yer maydonlarida samarali va maqsadli foydalanishi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilib, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan tuman hokimliklariga jami 3 ta taqdimnoma va 2 T yozma koʻrsatmalar berildi.

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish, yerlardan oqilona va samarali foydalanishda huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻyilishi yuzasidan jami 10 ta holatlarda yuridik va jismoniy shaxslardan murojaatlar kelib tushgan boʻlib, mazkur murojaatlar belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun talablariga rioya etgan holda ijobiy hal etildi hamda zarur tushuntirishlar berildi.

Bugungi kunda yerlarning qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер