Surxondaryoda ichida 7 kishi boʻlgan УАЗ agʻdarilib ketdi
Foto: IIB JXX YHXX
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida УАЗ rusumli ikki avtomashina haydovchilari yoʻl talashib, bir-biri bilan toʻqnashib ketishi oqibatida ichida 6 nafar yoʻlovchi boʻlgan biri agʻdarilib ketgani tasvirlangan video tarqaldi. Holat yuzasidan IIB JXX YHXX axborot xizmati munosabat bildirdi.
Maʼlum boʻlishicha, hodisa joriy yilning 1-avgust kuni soat 15:00 larda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani “Xonjiza” mahallasi hududidan oʻtuvchi 4R-107 avtomobil yoʻlining 30-kilometrida sodir boʻlgan.
2003-yilda tugʻilgan Sh.Ch. (haydovchi) УАЗ rusumli avtomobilda harakatlanayotib, oʻzi bilan bir yoʻnalishda oldinda harakatlanib ketayotgan 1979-yilda tugʻilgan haydovchi boshqaruvidagi УАЗ rusumli transport vositasini quvib oʻtayotgan vaqtda avtomobilning oʻng tomoni toʻqnashgan. Oqibatda haydovchi rul boshqaruvini yoʻqotib, transport vositasi yoʻldan chiqib ketishi sababli agʻdarilib ketgan.
Qayd etilishicha, hodisa tufayli agʻdarilgan УАЗ avtomashinasining salonida boʻlgan 6 nafar yoʻlovchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilib, uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan.
“Mazkur holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqish uchun jinoyat ishlari boʻyicha sudga yuborilmoqda”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring