Superliga: 1-davra oʻyinlariga qancha muxlis tashrif buyurdi?

12:10 30 Iyul 2025 Sport
431 0

Oʻzbekiston Superligasida 2-davra uchrashuvlari boshlanish arafasida. 2025-yilning 7-iyul sanasida musobaqaning 1-davrasi yakuniga yetgan edi. Quyida birinchi davra davomida stadionlarga tashrif buyurgan muxlislar soni va statistik koʻrsatkichlarni koʻrib chiqamiz.

​

Umumiy koʻrsatkichlar

Superliganing birinchi davrasida jami 120 ta uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ularni stadionda bevosita kuzatish uchun 575 mingdan ortiq futbol ishqibozi tashrif buyurgan.

​

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, faqatgina 5 ta oʻyinga 15 mingdan ortiq muxlis kelgan:

“Navbahor” – “Shoʻrtan” – 25 250 muxlis;

“Andijon” – “Nasaf” – 17 000 muxlis;

“Neftchi” – “Paxtakor” – 15 500 muxlis;

“Navbahor” – “Andijon” – 15 420 muxlis;

“Nasaf” – “Paxtakor” – 15 350 muxlis.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan 120 ta oʻyinning 17 foizi, yaʼni 20 ta bahsda 1 000 nafardan kam tomoshabin ishtirok etgan.

​

Eng kam muxlis yigʻgan jamoalar

1-davra davomida ayrim jamoalar mezbon sifatida oʻz stadionlarida emas, balki betaraf maydonlarda oʻyin oʻtkazganligi tufayli muxlislar soni sezilarli darajada past boʻlgan. Bunday holatlar quyidagi jamoalar kesimida kuzatildi:

“Xorazm” – 6 ta oʻyin;

“Bunyodkor” – 4 ta oʻyin;

“Buxoro” – 3 ta oʻyin;

“Qizilqum” – 3 ta oʻyin;

“Shoʻrtan” – 2 ta oʻyin;

“Mashʼal” – 2 ta oʻyin;

Xorazm, Buxoro, Qizilqum, Shoʻrtan va Mashʼal klublarining bunday holatga tushganini toʻgʻri tushunish mumkin — ularning stadionlari Superliga talablariga javob bermagani uchun oʻyinlarni boshqa shaharlarda oʻtkazishga majbur boʻlishgan.

​

Biroq bu roʻyxatda Toshkent shahrining eng yirik tumanlaridan biri – Chilonzor nomidan ishtirok etayotgan “Bunyodkor” jamoasining borligi klub marketing siyosatiga oid savollarni paydo qilmoqda. Aholi soni eng koʻp boʻlgan tumanda joylashgan klubning toʻrt uy uchrashuviga 1 mingdan kam muxlis tashrifi marketingdagi kamchiliklardan dalolat beradi.

Oʻrtacha koʻrsatkichlar

Stadionga kelgan muxlislar soni boʻyicha “Navbahor” jamoasi peshqadamlik qilmoqda. Namangan klubi uy uchrashuvlariga oʻrtacha 11 217 nafar muxlis tashrif buyurgan.

​

Keyingi oʻrinlarda:

“Dinamo” (Samarqand) – oʻrtacha 11 166 muxlis;

“Andijon” – oʻrtacha 10 673 muxlis;

“Neftchi” — oʻrtacha 9822 muxlis.

Eng past oʻrtacha natijalar esa quyidagi jamoalarga tegishli:

“Xorazm” – oʻrtacha 861 muxlis

“Buxoro” – oʻrtacha 1 153 muxlis

Lekin shuni qayd etish kerakki, mazkur jamoalar oʻz maydonlarida oʻynamayotgani sababli muxlislarning oʻyinga tashrifi kam boʻlmoqda.

2-davra qachon boshlanadi?

Superliganing 2-davra uchrashuvlari 1-avgust sanasidan start oladi. Unga koʻra dastlabki bahslar quyidagi tartibda boʻlib oʻtadi:

“Mashʼal” – “Paxtakor”;

“Buxoro” – OKMK.

Yangi bosqich oldidan Superliga klublari marketing, infratuzilma va muxlislar bilan ishlash borasida jiddiy tahlil va islohotlarga muhtoj. Chunki zamonaviy futbol nafaqat maydonda, balki tribunalarda ham jonli qoʻllab-quvvatlashni talab qiladi.

 

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер