Superbakteriyalarga qarshi yangi dori millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin
Dunyoda infeksiyalarning antibiotiklarga chidamli turlari yiliga 5 million kishining hayotiga zomin boʻlmoqda. Olimlar xulosasiga koʻra, dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalanish superbakteriyalarning jadal koʻpayishi va keng tarqalishiga imkon beryapti. Xavotirli jihati, agar tezkor choralar koʻrilmasa, 2050-yilga borib, mavjud preparatlarga chidamli bakteriyalardan yillik oʻlim koʻrsatkichi 10 millionga yetishi mumkin.
Bu global muammoga yechim izlagan Garvard universiteti (AQSH) olimlarining izlanishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ular inson salomatligi uchun jiddiy xavfga aylangan superbakteriyalarga qarshi antibiotik yaratdi.
Kimyo professori Endryu Mayers boshchiligidagi mutaxassislar tadqiqot davomida krezomitsin deb nomlangan sintetik moddani hosil qilishga muvaffaq boʻldi.
Bu preparat tillarang stafilokokklar, ichak tayoqchalari (E-coli), oʻpka va qon infeksiyalarini keltirib chiqaruvchi hayot uchun xavfli qator mikroblarni oʻldirish xususiyatiga ega.
Tadqiqotchilar fikricha, hozircha krezomitsinning taʼsir mexanizmlari laborator sharoitda va jonivorlarda oʻrganildi hamda tajribalar samarali yakunlandi. Endi u insonlarda klinik sinovdan oʻtkazilgach, tibbiy amaliyotda ommaviy qoʻllanilishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring