Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi
Illyustrativ foto
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot instituti negizida Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi.
Oliy maktab sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlovchi sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlovchi, ularning malakasini oshiruvchi muassasa hisoblanadi.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni qabul qilish 2019/2020 yil oʻquv yilidan boshlab sudyalik lavozimi zaxirasida boʻlgan shaxslar orasidan Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud tomonidan belgilanadigan kvotalar asosida amalga oshiriladi.
Kurslarga qabul qilingan nomzodlar ish joyi boʻyicha lavozimidan ozod qilinadi, biroq u egallab turgan lavozim oʻqish davrida saqlanadi, bu davrda unga stipendiya toʻlanadi.
2020 yil 1 sentyabrdan sudyalik lavozimlariga faqat Sudyalar oliy maktabida tashkil etilgan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanadi.
Tayyorlash kurslari dasturini bajarmagan yoki taklif etilgan sudyalik lavozimini egallashni rad etgan tinglovchilar stipendiya summasini toʻliq qoplab beradi.
Sudyalarni lavozimga tayinlashning amaldagi tartibi 2019/2020 oʻquv yili tugagunga qadar saqlab qolinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring