Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirishga qaratilgan Prezident Farmoni qabul qilindi

18:26 10 Avgust 2020 Hujjatlar
2222 0

Illyustrativ surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirishga qaratilgan Farmon qabul qilindi.

Ushbu hujjatda amaliyotda saqlanib qolayotgan inson huquqlari buzish holatlari, ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan gʻayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, tergov sifatini xalqaro standartlar asosida tubdan oshirish boʻyicha amaliy choralar belgilangan.

Jumladan:

1. Yarashuv institutini qoʻllash mexanizmi takomillashtirilmoqda. Unga koʻra, shaxsga nisbatan tergov 
davrida eʼlon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida koʻrilayotganligidan qatʼi nazar yarashuv instituti doirasiga tushadigan yengilroq moddaga qayta malakalangan hollarda yarashuv institutini qoʻllash imkoniyati yaratilmoqda.

2. Ushlangan shaxsning huquqlari poymol boʻlishining oldini olish maqsadida:

- ushlab turish muddatini jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgan vaqtdan boshlab emas, balki shaxs haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblash;

- shaxs amalda ushlangan paytdan boshlab, tegishli mansabdor shaxs u bilan bogʻliq surishtiruv va tergov harakatlarini oʻtkazishdan oldin himoyachi bilan xoli uchrashuvni taʼminlashi shartligi haqidagi qoida nazarda tutilmoqda.

3. Oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarga oid jinoyat ishi boʻyicha, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash holatlarida himoyachining ishtirok etishi shartligi belgilandi.

4. Sudga qadar ish yuritish davrida shaxs huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida:

– agar ushlangan ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud boʻlmasa, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va soʻroq qilish;

– shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun real asoslar mavjud boʻlgan hollarda uni guvoh tariqasida soʻroq qilish, shuningdek, protsessual huquqlarini tushuntirmasdan turib, undan biron-bir yozma yoki ogʻzaki koʻrsatuvlar olish taqiqlanmoqda.

Maʼlumki, ayblanuvchining qonun va xalqaro hujjatlarda aks etgan eng asosiy huquqlaridan biri – bu koʻrsatuvlar berishdan bosh tortish va koʻrsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlish huquqidir. Farmon bilan ushbu huquqni amaliyotda toʻliq roʻyobga chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

5. Aybiga iqrorlik boʻyicha kelishuv instituti kiritilmoqda. Unga koʻra, ayrim toifadagi jinoyatlar boʻyicha shaxs aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan, shuningdek, keltirilgan zararni bartaraf etgan taqdirda unga nisbatan qonunda belgilangan eng koʻp jazoning yarmidan koʻp boʻlmagan miqdori va (yoki) muddatigacha jazo tayinlanadi.

Bundan tashqari, endilikda ushbu toifadagi jinoyat ishlari soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqilib, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olinadi.

6. Toshkent shahar prokuraturasi tergov boʻlinmalari va Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov boshqarmasining faoliyati xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiq namunaviy tarzda tashkil etiladi.

Ushbu tergov boʻlinmalari zamonaviy kriminalistik uskunalar bilan jihozlangan avtotransport vositalari, protsessual harakatlarni audio va videoga qayd etish tizimlari hamda stenografiya qilish uskunalari bilan taʼminlanadi.

Tergov xonalari zamonaviy tarzda, xalqaro standartlarga moslashtirilib, shaxslarning himoyachi bilan xoli uchrashishi uchun moʻljallagan holda tashkil etiladi.

Shu bilan birga, tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish uchun jazoni 
ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarini texnik vositalar va uskunalar bilan toʻliq jihozlash choralari koʻriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер