SSV: Nina bilan tomir kateterining farqi bor
Ijtimoiy tarmoqlarda “Bolaga ukol qilib, hatto ignasini ham olishmagan, shu kunlarning ayanchli voqeasi”, “Ana sizga tomosha” kabi xabarlar tarqaldi. Ularda taʼkidlanishicha, yurak porogi bilan tugʻilgan goʻdak 4 kun shifoxonada boʻlgan va biror marta onasiga koʻrsatilmagan, emizilmagan. Toʻrtinchi kuni shifokorlar “baribir oʻladi” deb, ota-onasining qoʻliga tutqazishib, uyga javob berib yuborishgan.
Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi va Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, oʻrganish ishlari olib borildi va quyidagilar aniqlandi.
Joriy yilning 16-sentyabr kuni taxminan soat 12:40 atrofida Samarqand davlat tibbiyot institutining 1-klinikasining tugʻuruq boʻlimiga Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani, Qoʻchqorbuloq qishlogʻidan 1996-yilda tugʻilgan M.A qorinning pastki qismida, oldingi operatsiyadan keyingi chandiq sohasidagi kuchli ogʻriq va tugʻuruq dardi bilan shoshilinch murojaat qilib kelgan.
Homilador ayolning birinchi tugʻuruq jarayoni 2017-yil Qashqadaryo viloyati tugʻuruq kompleksida (kesar-kesish) jarrohlik yoʻli bilan amalga oshirilgan. Bundan tashqari, M.A Samarqand viloyatidan roʻyxatdan oʻtmaganligi, uning homiladorlik davri Qashqadaryo viloyatida oʻtganligi bois homila kechish davri, skrining tekshiruvlari homilador almashinuv varaqasida koʻrsatilmagan. Bu esa shifokorlarga maʼlum maʼnoda qiyinchilik tugʻdirgan.
M.A Samarqand davlat tibbiyot institutining 1-klinikasining tugʻuruq kompleksiga shoshilinch ravishda qabul qilinib, toʻliq tegishli tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazilgan. Unga ikkinchi homiladorlik, homila 38-39-haftalik, bachadonda kesar-kesish operatsiyasidan keyingi chandiq nosozligi, anemiya yengil darajasi kabi klinik tashxis qoʻyilgan. M.Aga joriy yilning 16-sentyabr kuni soat 13:25da shoshilinch ravishda kesar-kesish operatsiyasi oʻtkazilib, jinsi-qiz tirik homila olingan.
Chaqaloq tugʻilganidan soʻng 2 soat davomida vrachlar nazoratida boʻlgan, kuzatuv davomida chaqaloqni ogʻiz-burun atrofida koʻkarish alomatlari boʻlganligi va tugʻuruqxona sharoitida kislorod terapiya oʻtkazilishiga qaramasdan koʻkarish alomatlari kuchayganligi sababli, toʻliq tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish maqsadida viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazining neonatal reanimatsiya boʻlimiga yuborilgan. Markazda barcha laborator va instrumental diagnostik tekshiruvlari (yurakni exokardiografiyasi, koʻkrak qafasini obzor rentgenografiyasi, bosh miyani-neyrosonogrfiyasi) oʻtkazilgan.
Markazning malakali mutaxassislari jumladan, bolalar kardioxirurgi tomonidan oʻtkazilgan diagnostik tekshiruvlar natijasida chaqaloqda tugʻma yurak nuqsoni, atrioventirikulyar kommunikatsiyasi, yagona qorincha (uch kamerali yurak), oʻpka arteriyasining atreziyasi, yurakni normadagi chegaralaridan kattalashishi tasdiqlangan.
Shundan soʻng, markaz mutaxassislari chaqaloqning ota-onasiga goʻdakda tugʻma yurak nuqsoni va boshqa nuqsonlar borligi, uning ahvoli ogʻirligi toʻgʻrisida tushuntirilgan. Bemor chaqaloqqa kompleks reanimatsion davolash muolajalari davom ettirilishiga qaramasdan ijobiy oʻzgarish kuzatilmaganidan soʻng ota-onasi tilxat asosida chaqaloqni uyiga olib ketishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab boʻlayotgan mazkur xabarning ikki jihatiga alohida eʼtibor qaratishni lozim topdik. Birinchisi, xabarda bolaga ukol qilib, ninasi olinmaganligi iddao qilingan. Vaholonki, chaqaloqning qon tomiridagi nina emas, balki tomir kateteri boʻlgan.
Tibbiyotda kateter aynan bola muolajalarda qiynalmasligi uchun ham unga oʻrnatiladi. Asosiysi kateter faqatgina malakali mutaxassislar tomonidan oʻrnatilishi mumkinligi va ushbu kateter davo muolajalarini davom ettirish uchun juda qulay hamda chaqaloqqa salbiy taʼsir koʻrsatmasligini alohida taʼkidlash joiz.
Ikkinchisi, xabarda chaqaloq shifoxonada boʻlgan davrida biror marotaba onasiga koʻrsatilmaganligi, emizilmaganligi sababli bola och qoldirilganligi aytilmoqda. Aslida esa, chaqaloq muntazam kislorod ostida boʻlgani va sanitariya talablaridan kelib chiqib reanimatsiya tozaligi va tibbiy talablarga rioya qilish maqsadida yaqinlariga koʻrsatish imkoni boʻlmagan. Ammo, chaqaloqqa har ikki soatda zont orqali sunʼiy ozuqa berib borilgan.
Xulosa oʻrnida, shuniaytishimiz mumkinki, vena qon tomiriga qoʻyilgan tomir kateteri bemorda saqlangan holda uyga javob berib yuborilganligi shifokorlarning chaqaloq qisqa fursatlarda nobud boʻlishi mumkin degan fikrda emas, aksincha goʻdakni davolash ishlari davom ettirilishi uchun qoldirilganligini bildiradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring