SSV: Koronavirus infeksiyasinngi oldini olish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilmoqda
Sogʻliqni saqlash vazirligida yangi turdagi koronavirus infeksiyasi boʻyicha epidemik vaziyat va kasallik tarqalishining oldini olish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda vazirlikning markaziy apparati masʼullari, respublika davolash muassasalari rahbarlari, oliy tibbiy taʼlim oʻquv yurtlari rektorlari va vazirlikning hududlardagi quyi tizim mutaxassislari bilan birga Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakillari ham ishtirok etishdi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.
Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, jahonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 82 ming nafardan oshdi, shundan 2 800 dan ortiq oʻlim holati roʻyxatga olindi. Hozirgacha Xitoydan tashqari ushbu infeksiya 37 ta davlatda aniqlandi. Dunyoda epidemik vaziyat kun sayin oʻzgarib, kasallik shiddat bilan boshqa davlatlarga ham tez tarqalmoqda.
Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov rahbarligida oʻtkazilgan mazkur video selektorda dunyodagi ana shunday murakkab epidemik vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan chora tadbirlar, jumladan,Prezidentimizning shu yil 29-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoyishida koʻzda tutilgan vazifalar tahlil qilindi. Koronavirus infeksiyasini oldini olish boʻyicha profilaktik va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari boʻyicha mavjud masala va amalga oshirilishi dolzarb boʻlgan vazifalar muhokama qilindi.
Ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID19infeksiyasini kirib kelishini oldini olish maqsadida, davlat chegaralarida 53 ta sanitariya-karantin punktlari (SKP) xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat koʻrsatmoqda. Bugungi kunda ushbu SKPlarida boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati masʼullari belgilangan standartlar boʻyicha ish olib bormoqda. Yurtimizga koronavirusni aniqlash boʻyicha zamonaviy test-sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zaxirasi yaratilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat koʻrsatuvchi shtab tashkil qilindi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.
Maʼlumotlarga qaraganda, shu yilning 15-yanvaridan — 26-fevraligacha boʻlgan muddatda Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan 5 022 nafar fuqaro roʻyxatga olingan boʻlib, ularning 14 kunlik tibbiy kuzatuv davri yakunlangan. Hozirgacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati qayd etilmagan.
Ammo bundan xotirjam boʻlishga asos yuq, deyildi selektorda. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yoʻllarda tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari,hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta koʻrib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va ularga davlat tomonidan qoʻyilayotgan talab, tavsiyalarni oʻz vaqtida yetkazish,tibbiy-patronaj xizmatini yana-da yaxshilash yuzasidan masʼullarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Ayniqsa, epidemiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni toʻliq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, OʻRI va oʻtkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish boʻyicha vazifalar yana bir bor qatʼiy koʻrsatib oʻtildi. Shu bilan birga, xorijdan kelgan fuqarolar orasida tana harorati koʻtarilgan bemorlar aniqlanganda, ularni barchasini koronavirus kasalligiga maxsus laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazishga, shuningdek, kasallikning tarqalishini oldini olish va izolyatsiya qilish maqsadida, oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan harorati yuqori boʻlgan bemorlarning uyida tibbiy yordam koʻrsatilishiga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlab oʻtildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring