Sportning shaxmat turi boʻyicha “Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi” musobaqasi oʻtkazildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida sportning shaxmat turi boʻyicha joriy yil davomida joylarda oʻtkazilgan hududiy va tarkibiy tuzilmalarining birinchiligi musobaqalarida, jami 4000 dan ortiq shaxsiy tarkib bir necha bosqichlarda saralanib, 19 nafar erkaklar va 19 nafar xotin-qizlar “Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi” uchun boʻlib oʻtgan respublika birinchiligida qatnashish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar.
Kuni kecha, Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi”ning respublika bosqichi Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi vakillari bilan hamkorlikda Shaxmat Akademiyasida boʻlib oʻtdi. Musobaqada vazirlikning hududiy va tarkibiy tuzilmalaridan 38 nafar (19 nafar erkaklar va 19 nafar xotin-qizlar) sportchilar ishtirok etib, xalqaro shaxmat qoidalari asosida oʻzaro bellashdilar.
Qizgʻin oʻtgan musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra, erkaklar oʻrtasida, shaxsiy hisobda 1-oʻrinni Fargʻona viloyati vakili mayor Q.Ergashev, 2-oʻrinni vazirlik Akademiyasi vakili podpolkovnik Sh.Mirzayev hamda 3-oʻrinni Sirdaryo viloyati FVB vakili katta serjant Z.Voxidjonovlar qoʻlga kiritgan boʻlsalar, xotin-qizlar oʻrtasida, 1-oʻrinni vazirlik Akademiyasi vakilasi podpolkovnik B.Yuldasheva, 2-oʻrinni Buxoro viloyati FVB vakilasi podpolkovnik N.Aynazarova hamda 3-oʻrinni Andijon viloyati FVB vakilasi xizmatchi O.Narimanovalar egalladilar.
Musobaqa yakuniga koʻra, umumjamoa hisobida 1-oʻrinni vazirlik Akademiyasi, 2-oʻrinni Fargʻona viloyati hamda 3-oʻrinni Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining terma jamoalari egalladilar.
Shu bilan birga, musobaqada yosh ishtirokchilari orasidan “Eng mahoratli yosh shaxmatchi” nominatsiyasi boʻyicha Fargʻona viloyati FVB xizmatchisi Sh.Gʻanijonova gʻolib deb topilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining maxsus sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Musobaqa yakunida barcha gʻolib va sovrindorlar vazirlik tomonidan koʻchma kubok, diplom, medal hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring