Sportchilar va ularning murabbiylari taqdirlandi

00:05 31 Dekabr 2020 Jamiyat
2783 0

Samarqand shahridagi yoshlar markazida bir guruh sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Pandemiya boʻlishiga qaramay yakunlanayotgan yilda viloyatda 687 sport musobaqasi tashkil etildi va ularda 77 mingdan koʻproq yoshlar qatnashdi. Viloyat sportchilari Oʻzbekiston chempionati va kuboklarida 346 ta oltin, 316 ta kumush, 368 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Osiyo chempionatlarida esa 1 ta oltin, 9 ta kumush, 6 ta bronzaga ega chiqdi. Jahon chempionatlaridan 2 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medali olib keldi. Boshqa xalqaro turnirlarda 2 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza medal olishdi.

Bugungi kunda viloyat sportchilarining 29 nafari sportning 8 turi boʻyicha Olimpiya oʻyinlari hamda 7 nafari 4 tur boʻyicha Paralimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi uchun musobaqalarda ishtirok etmoqda.

Para yengil atletikachi Husniddin Norbekov musobaqalarda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan boʻlsa, sportchilarning yana 13 nafarida Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish imkoniyati yuqori baholanmoqda. Olimpiada oʻyinlariga yoʻllanmani olishga nomzod sportchi Davlat Bobonov Oʻzbekiston Respublikasida “Yilning eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasini qoʻlga kiritdi.

Olimpiya sport turlari boʻyicha respublika hamda xalqaro sport musobaqalari gʻoliblari va sovrindorlari boʻlgan 248 nafar yoshlar sportning 26 turi boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli oʻqishga qabul qilindi.

Viloyat hokimi E.Turdimov barcha sportchi va murabbiylarni erishgan yutuqlari bilan tabrikladi. Ularning 2021-yilda Yaponiya mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari hamda XVI Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etib, Vatanimiz bayrogʻini koʻklarga koʻtarishiga ishonch bildirdi. Mazkur nufuzli musobaqada gʻoliblikni qoʻlga kiritgan sportchiga uy berilishini taʼkidladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер