Spiker oʻrinbosari tekstil korxonasi faoliyati bilan tanishdi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, palatadagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Fazman tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻlib, yirik tekstil korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Korxonada Germaniyaning “Karl gross”, “Digel” kabi jahonga mashhur brendlari nomi ostida erkaklar va bolalar kostyum-shimlari ishlab chiqarilmoqda. Ayni vaqtda yirik loyihaning ishga tushirilgan birinchi bosqichi doirasida 500 kishi mehnat qilmoqda. Korxona loyihasining navbatdagi bosqichlari 2024-2025-yillar davomida toʻliq ishga tushiriladi.
Loyihaning umumiy qiymati 40 million AQSH dollarini tashkil etib, toʻliq ishga tushishi hisobiga 3 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish uchun Germaniya va Turkiya davlatlaridan zamonaviy asbob-uskunalar olib kelib oʻrnatilgan. Korxona yiliga bir million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, yillik eksport hajmi 15 million dollarni tashkil etadi.
Spiker oʻrinbosari Aktam Xaitov Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxoʻjayev hamrohligida korxona ishchi- xodimlari bilan muloqotda boʻldi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlardan asosiy maqsad xalqimizning rozi qilishdir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring