Spiker oʻrinbosari: Sinovli kunlarda davlatimiz hech bir tadbirkorni oʻz muammosi bilan yolgʻiz qoldirmaydi
Pandemiya davrida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan koʻplab korxonalarda ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish hajmi keskin kamaygani hammamizga yaxshi maʼlum. Bunday ogʻir sharoitda korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qoʻllab-quvvatlash, eksport hajmini barqaror oshirish va yangi ish oʻrinlari yaratish hayotiy zaruratdir.
Davlatimiz rahbarining shu yil 5-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yana-da tezlashtiradi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Farmonga koʻra, mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlangʻich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda sotuvchi tomonidan belgilanadi.
Shu bilan birga, mahalliy toʻqimachilik korxonalariga birja savdolarida 2020-yil 1-aprelga qadar milliy valyutada sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytiriladi.
Ahamiyatli tomoni shundaki, farmonda pandemiya bilan bogʻliq jahon iqtisodiy inqirozining toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishdagi salbiy taʼsirini yumshatishning butun kompleks chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bir oy muddatda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha eksport shartnomalarini global karantin cheklovlari sharoitida bajarish istiqbollari nuqtayi nazaridan batafsil oʻrganadi va istiqbolsiz eksport shartnomalari oʻrniga, birinchi navbatda, karantin chora-tadbirlari yumshatilayotgan davlatlardagi hamkorlar bilan yangi shartnomalar tuzishga har tomonlama yordam koʻrsatadi.
Yana bir muhim yangilik – 2020-2025-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, shuningdek, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 300 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyalari mablagʻlari, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati uchun ochilgan tijorat banklari kreditlari, xalqaro moliya institutlari qarz mablagʻlari va xorijiy banklar kredit liniyalari hisobiga, jumladan;
–yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish;
–ikki-uch smenali ish rejimidagi ishlab chiqarish, eng avvalo, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini tikish faoliyati uchun revolver kreditlar taqdim etish;
Shuningdek, mustahkam eksport shartnomalariga ega boʻlgan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarini eksportoldi moliyalashtirish hajmlarini kengaytirish orqali moliyalashtiriladi.
Bular hali hammasi emas. Farmon bilan import qilinadigan ayrim xomashyo va materiallar 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona boji toʻlashdan ozod qilindi. 2020-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi.
Farmonda belgilab qoʻyilganidek, Oʻzbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda 2021-yil 1-yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 AQSH dollari, 2022-yil 1-yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 AQSH dollari, 2023-yil 1-yanvardan – 0,1 AQSH dollari, 2025-yil 1-yanvardan – 0,2 AQSH dollari miqdorida yigʻim undiriladi.
Yana bir eʼtiborli jihati, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi markaziy apparatlari tuzilmalarida belgilangan shtat birliklari doirasida toʻqimachilik sanoati masalalari boʻyicha tuzilmalar tashkil etiladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mazkur farmondan koʻzlangan maqsad bitta – eng avvalo korxonalar faoliyatini tezroq tiklab, tayyor mahsulot eksportini koʻpaytirish va ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlashdir. Zero, karantindan keyin ham tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun ularni ertaga emas, hozirdanoq qoʻllab-quvvatlashimiz kerak.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring