Somatotropin gormoni yetishmasligi bolalarda boʻy oʻsishi sekinlashishiga sabab boʻlishi mumkin

10:52 19 Fevral 2024 Jamiyat
207 0

— Oʻsish gormoni yetishmovchiligi asosan bolalarda uchraydigan noyob kasallik boʻlib, bu ularda jismoniy rivojlanishning sekinlashishiga olib keladi, — dedi tibbiyot fanlari nomzodi Muxlisa Shorixsiyeva.

Ushbu xastalik tugʻma yoki orttirilgan boʻlishi mumkin. Kasallik somatotropin gormoni yetishmasligi tufayli kelib chiqadi. U nafaqat oʻsish, balki organizmdagi umumiy metabolizm jarayonlarida ham muhim rol oʻynaydi. Suyaklar, mushaklar va kognitiv funksiyalarga taʼsir qiladi.

Somatotropin gormonining organizmda yetarli darajada ishlab chiqarilmasligining sabablari turlicha boʻlishi mumkin. Ular orasida – irsiy anomaliyalar, turli jarohatlar, gipofizdagi oʻsimtalar va boshqa omillar bor.

Oʻsish gormonining tugʻma yetishmovchiligi odatda 6 oydan 12 oygacha boʻlgan davrda seziladi.

Bolalarda ushbu xastalik, eng avvalo, boʻy oʻsishining sekinlashishi bilan namoyon boʻladi. Shu bilan birga, bemorda tish oʻsishi, suyaklarning shakllanishida ham oqsash kuzatilishi mumkin.

Kasallikka chalingan bolalar, ayniqsa, chaqaloqlarda uchraydigan yana bir muhim alomat qonda qand miqdorining juda pastligi, yaʼni gipoglikemiyadir.

Bemorga aniq tashxis qoʻyish uchun bir qancha laboratoriya tekshiruvlari, shu jumladan qonda oʻsish gormoni miqdorining tahlili, suyak tizimi holatini baholash uchun rentgen tekshiruvi, gipofizda oʻsimtalar bor yoki yoʻqligini aniqlash uchun kompyuter tomografiyasi tayinlanadi.

Tekshiruv natijalariga koʻra, shifokor tomonidan tegishli davo muolajalari tanlanadi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, kasallik qanchalik erta aniqlanib, terapiya tezroq boshlansa, davolash samaradorligi shunchalik yuqori boʻladi.

Shuning uchun ota-onalar farzandlarini muntazam ravishda shifokor koʻrigidan oʻtkazib turishi, ularning toʻgʻri ovqatlanishi va jismoniy mashqlar bilan shugʻullanishini nazorat qilishi lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер