Soliq qoʻmitasi qarzdorlikni undirishda elektrga toʻlov qilish cheklovi kimlarga qoʻllanilmasligini maʼlum qildi
Illyustrativ foto
Joriy yilning 16-aprelidan boshlab Namangan viloyatida mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha umumiy summasi 1 mln soʻmdan oshgan qarzdorlikni undirish uchun eksperiment tariqasida elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanish joriy etiladi.
Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda elektr uchun balansda pul boʻlsa ham elektr oʻchiriladi degan mazmunda talqin qilinib, muhokamalarga sabab boʻldi. Soliq qoʻmitasi vaziyat yuzasidan tushuntirish berib, cheklovlar qay tarzda belgilanishi va kimlarga qoʻllanilmasligini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, soliq qarzdorligi 1 mln soʻmdan oshgan jismoniy shaxslar bir necha bosqichda ogohlantirilgandan keyin ham qarzdorlikni toʻlamagan taqdirda elektr energiyasi oʻchirilmaydi, balki elektr uchun toʻlovlarni amalga oshirishga vaqtinchalik cheklov kiritiladi.
Cheklov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi toifalariga qoʻllanilmaydi:
• nogironligi boʻlgan shaxslar (1 va 2-guruh);
• boquvchisini yoʻqotgan oilalar;
• ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar;
• qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.
Qayd etilishicha, Namangan viloyatida bugungi kunda 1 mln soʻmdan yuqori qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslar soni 45,8 ming nafarni tashkil etadi. Bu esa jami 531,2 ming nafar soliq toʻlovchining 8 foizidir.
Eslatib oʻtamiz, mazkur tizim dastlab joriy yilning 16-apreldan eksperiment tariqasida Namangan viloyatida yoʻlga qoʻyiladi.
Soliq qoʻmitasining maʼlum qilishicha, eksperiment natijalaridan kelib chiqib mazkur tajribani boshqa hududlarda joriy etish yoki etmaslik yuzasidan 2026-yil 1-oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. Yaʼni, elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi toʻgʻridan toʻgʻri barcha hududlarda joriy etilmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring