Soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga qancha mukofot toʻlangani ochiqlandi
Illyustrativ foto
Oʻzbekistonda 2026-yil yanvar fevral oylarida soliq huquqbuzarligi haqida xabar bergan 6 701 fuqaroga 4,3 milliard soʻm mukofot puli toʻlandi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2026-yilning yanvar—fevral oylarida “Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 21 964 ta murojaat kelib tushgan. Shundan:
• 18 826 tasi xarid cheki bermaslik;
• 620 tasi toʻlovni plastik karta orqali qabul qilmaslik;
• 35 tasi plastik karta uchun xarid summasini oshirish;
• 2 483 tasi boshqa turdagi huquqbuzarlik holatlari boʻyicha.
Murojaatlarning 4 890 tasi takroriy boʻlganligi yoki shikoyat kelib tushgan tadbirkorlik subyektida tekshiruv davom etayotganligi sababli koʻrib chiqilmagan. Eng koʻp pul olganlar Toshkent shahrida qayd etilgan — 1328 kishiga 901 milliard soʻm toʻlangan. Eng kam mukofotlanganlar Jizzax viloyatida boʻlib, 176 kishi 110,5 milliard soʻm olgan.
Murojaatlar asosida 12 216 ta sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazilib, 99,2% holatda huquqbuzarlik tasdiqlangan. Huquqbuzarlik holatlari boʻyicha xabar bergan fuqarolarga 6 701 ta holat boʻyicha (undirilgan jarima summasidan 20 foiz) 4,3 mlrd soʻm mukofot toʻlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring