Sohilidan uzoqlashayotgan daryolar
Архив сурат
…Rahmon otaning padari bir paytlar kallai saharlab, qishloq yonidan shovullab oqayotgan Sangzor daryosiga borib, ancha vaqt suvga termilib turarkan, baʼzan gʻazabi qaynab, kimlarnidir qattiq urishardi. Ota suvni Yaratganning ulugʻ inʼomi sanab, uni ifloslantirgan yoki chiqindi tashlaganlarga ayovsiz tanbeh berardi.
— Daryoga hech qachon tupurma, chiqindi tashlama, buni daryo sezadi, xafa boʻladi, — deb aytardi oʻgʻliga.
Bugungi kunda Rahmon ota ham padari kabi tong saharda Sangzor daryosi qirgʻogʻiga borib, suvning oqishini kuzatishni xush koʻradi. Ammo u davrdagi daryo qayoqda deysiz, qirgʻoqdan ancha uzoqlashib ketgan. Daryo oʻzanida ekskavator qazigan qum-shagʻalni yuk avtomobillari gʻiz-gʻiz tashishini kuzatarkan, u «Shularni otam koʻrmadida, bir taʼzirini berardi» deb qoʻyadi ichida. Bugun Sangzor oʻksib-oʻksib yigʻlayotgandek, uning nazarida.
— Sangzor sohili boʻylab tong saharda sayr qilishga odatlanganman, — deydi Gʻallaorol tumani «Oqtom» MFY hududidagi Jargʻoq qishlogʻida yashovchi Rahmon ota Turopov. — Mening bilishimcha, qirgʻoq boʻylab kamida oʻnga yaqin tosh maydalash uskunalari qurilgan. Bu «minizavod»lar daryodan qazib olinayotgan shagʻal hisobiga ishlayapti. Lekin bu xalqni qiyin ahvolga solib qoʻyayotir, chunki Sangzor boʻyida 10 — 15 ta qishloq boʻladigan boʻlsa, hammasining quduqlarida suv quridi. Bundan tashqari, aholining tomorqa yerlariga suv chiqarish umuman izdan chiqib ketdi…
Otaxon haq, keyingi yillarda qurilish koʻlamining kengayishi va noruda materiallarga boʻlgan ehtiyojning oshishi tufayli daryo oʻzanlari, sohilboʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida qum-shagʻalni qazib olish bilan shugʻullanib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari soni ortib borayotir. Birgina 2023-yilning oʻzida daryo oʻzanlarida noqonuniy qum-shagʻal qazib olish bilan bogʻliq 303 ta holatda 268 nafar shaxs 68 mlrd. soʻm miqdorida jarimaga tortildi. Shundan 42 ta holat boʻyicha 45 mlrd. soʻm miqdorida tabiatga zarar yetkazilganligi uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Tan olish kerak, buning oqibatida suv resurslari zaxiralarining kamayib ketishi, daryo qirgʻoqlarining yemirilishi, suvni muhofaza qilish zonalarining turli chiqindilar bilan ifloslantirilishi holatlari yuz berib, sugʻorish tizimlari, elektr energiya, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlariga zarar yetkazilmoqda. Ayniqsa, Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo kabi daryolar oʻzanlaridagi ekologik vaziyat ularni qayta tiklash va nazoratni kuchaytirish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrishni taqozo etmoqda.
Prezidentimizning 2024-yil 17-yanvardagi «Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni esa bu yoʻnalishda daryolarga, tabiatga va atrof-muhitga yetkazilayotgan zararning oldini olishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Farmonda taʼkidlanganidek, 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi. Moratoriy davrida daryo oʻzanlari, sohilboʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.
Yuqorida Rahmon otaning soʻzlarini bejiz keltirmadik. Chunki tarixan katta evrilishlar aynan daryolar boʻyida paydo boʻlgan. Bu suvning insoniyat uchun naqadar ahamiyatli ekanini koʻrsatib turibdi. Jizzax viloyati hududidan oqib oʻtuvchi Sangzor daryosi ham hudud aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlaydigan va ekinlarni sugʻorish uchun eng muhim manba hisoblanadi. Hatto Jizzax shahrini ichimlik suvi bilan taʼminlaydigan Baxmalsoy qishlogʻidagi oʻndan ortiq quduqlar uchun ham yer ostida daryo suvi tabiiy filtrlanib toʻplanadi. Ammo odamlar va ayrim tadbirkorlar tomonidan daryodan qum-shagʻal aralashmasini kavlab olishda amaldagi meʼyor talablariga rioya qilinmasligi oqibatida daryo oʻzani 300 metrgacha kengayib, 5 metrgacha chuqurlashib ketgan. Natijada buloq va soylardagi suv qurib qolib, aholi uchun obihayot tanqisligi vujudga kelmoqda.
— Sangzor Baxmal togʻlaridan hosil boʻlgan soylardan oqib keladigan daryo hisoblanadi, — deydi «Suvxoʻjaliknazorat» inspeksiyasining Jizzax viloyati boʻyicha inspektori Joʻra Qorayev. — «Sangzor» — toshloq degan maʼnoni anglatadi. Sangzor faqatgina Oʻzbekistonda emas, dunyo boʻyicha quyosh chiqish tomonga qarab oqadigan yagona daryodir.
Achinarli tomoni shundaki, bu yerga qurilish va maishiy chiqindilar tashlab ketish holatlari ham koʻp uchramoqda. Tadbirkorlar esa ayovsiz qum-shagʻal olish bilan ovora. Aslida, oʻzan koʻmilib qolgan boʻlsa, uni tozalash uchun qum-shagʻal olishga ruxsat etilgan. Ular esa daryoning ichiga kirib olib, «Bu menga berilgan» deb qum-shagʻalni xohlagan joyidan kavlab olyapti. Lekin daryoning biron joyida oʻzan toʻgʻrilangani yoʻq. Oʻzan esa oʻzgarib ketgan. Bunday ishlar davom etaversa, daryo xavf ostida qoladi. Daryo oʻzani va qirgʻoqlarini mustahkamlash uchun keyingi uch yilda davlat mablagʻidan 27 mlrd. soʻm sarflandi. Lekin noqonuniy ishlar toʻxtagani yoʻq.
Daryo ustida xalqaro va respublika ahamiyatidagi oʻndan ortiq koʻpriklar qurilgan. Vazirlar Mahkamasining 2011-yildagi 342-sonli qaroriga asosan, qum-shagʻal aralashmasi koʻpriklardan 2,5 kilometr uzoqlikdagi masofadan olinishi belgilangan. Ammo bunga amal qilinmayotgani natijasida koʻpriklarning bir qismi avariya holatiga kelib qolgan. Vaholanki, Sangzor daryosi ustida qurilgan koʻprikdan Toshkent — Samarqand — Qarshi — Buxoro yoʻnalishidagi «Sharq» va tezyurar «Afrosiyob» poyezdlari oʻtadi. Shuningdek, «M-39» xalqaro avtomagistrali ham xavf ostida ekanini aytib oʻtish oʻrinlidir.
Farmonning ahamiyati yuqoridagi misollarda ham yaqqol aks etib turibdi. Mazkur hujjatda daryo oʻzanlari, sohilboʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallari qazib olishni taqiqlash va togʻli yoki togʻoldi hududlarda joylashgan muqobil kon uchastkalaridan qum-shagʻal qazib olish ishlarini tashkil etish belgilangani ayni muddao boʻldi.
— Bu hujjat ayni vaqtida qabul qilindi, — deya fikrini davom ettiradi Joʻra Qorayev. — Endilikda daryo oʻzanlari, sohilboʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan noruda materiallarni qayta ishlash korxonalari togʻ va togʻoldi hududlariga yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga koʻchiriladi. Bu daryolarimizni turli ekologik xavf-xatar va inqirozdan asrab qoladi.
Yana shuni eʼtirof etish joizki, Farmonda qayd etilganidek, 2024-yil 1-aprelga qadar togʻ va togʻoldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish belgilandi. Bunda tadbirkorlik subyektlariga shart-sharoit yaratish maqsadida qoʻshimcha kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularda muhandislik-infratuzilma obyektlarini barpo etish nazarda tutilgan.
Xullas, qurilish, obodonlashtirish ishlari bahonasida elu yurtga qut-baraka ato etib turgan zilol suvli daryolarimizga putur yetmasligi kerak. Chunki daryolar nafaqat ekin-tikinning qoni va joni, balki ekologik muvozanatni tartibga soluvchi, nabotot va hayvonot olamini muhofaza qiluvchi manbadir.
Faxriddin BOZOROV
(«Xalq soʻzi»).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring