Sogʻlom boʻlishning eng kamchiqim yoʻli

17:21 06 Iyul 2022 Jamiyat
792 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatida shu yilning oʻtgan davrida aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish maqsadida 10 mingdan ortiq (!) sport tadbirlari tashkil etilib, ularga qariyb bir million kishi qamrab olindi. Ayni paytda viloyatdagi 1 ming 50 ta MFYda 98 km masofada salomatlik (piyoda yurish), 102,8 km veloyoʻlaklar va 916 ta “Workout” maydonchasi mavjud.

Xoʻsh, bu raqamlar 4 millionga yaqin aholi istiqomat qilayotgan hudud uchun yetarlimi?

— Albatta, bosqichma-bosqich bu raqamlarni oshirib borish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi,-deydi Fargʻona viloyati sportni rivojlantirish boshqarmasi mutaxassisi Yoqubjon Karimov. — 2022-yil davomida viloyatimizda yana 27 km salomatlik, 45 km veloyoʻlaklar, 210 ta “Workout” maydonchalari qurilishi rejalashtirilgan.

Sir emas, hayotimizga raqamli texnologiyalarning jadal kirib kelayotgani, insonlar uchun qulay turmush sharoiti yaratish yoʻlidagi izlanishlar bir jihatdan quvonarli boʻlsa, boshqa tomondan odamlarning kamharakat boʻlib borishiga olib kelayotir. Kamharakatlilik tufayli semizlik, qandli diabet, asab va yurak-qon tomir kasalliklarning dunyo miqyosida ortib, yosharib borayotgani bugun jahon jamoatchiligini jiddiy tashvishga solayotgani ham bor gap.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda sayyoramizda ikki milliard odam ortiqcha vaznga ega. Bu insonlarning 650 million nafarida tana vaznining meʼyoridan ancha ortib ketishi – semizlik qayd etilgan

— Baʼzan mahalla boshidagi doʻkonga piyoda borgisi kelmay, avtomashinasida borayotgan, choyxonada soatlab dam olib, keyin «Davlenam oshdi», deya dorixonaga chopayotgan mahalladoshlarimizni koʻramiz, — deydi fargʻonalik faxriy sportchi Adhamjon Otajonov. —  Aslida piyoda yurish, doimo sport bilan shugʻullanish sogʻlom hayotning, salomatlikning garovidir. Bu boʻyicha oʻzim ham bir necha qoʻllanmalar yaratdim. Bir necha yildan buyon, nafaqa yoshida boʻlsamda, erta tongda yugurish, kechki sayrga chiqish, umuman, piyoda yurishni kanda qilmayman. Shuning uchun ham biror bir kasallikdan shikoyatim yoʻq.

Fargʻonalik faxriy jurnalist Doniyor Ergashev tabarruk 90 yoshga yaqinlashayotgan boʻlsada, har kuni shahar boʻylab piyoda yurishga odatlangan.

— Sogʻlom boʻlishning eng oddiy va kamchiqim yoʻli bu – muntazam ravishda piyoda yurish, — deydi Doniyor ota.

Chindan ham bebaho boyligimiz – salomatlikni asrash, sogʻlom hayot kechirishning bunday oddiy va kamchiqim shartiga amal qilsak, farzandlarimizni ham shunga oʻrgatsak, ishoning, har qadamda uchraydigan dorixonalar eshigini qoqishga hojat qolmaydi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер