Sogʻliqni saqlash vazirligi: Covid-19 koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkin?

16:11 05 Mart 2020 Jamiyat
32352 0

Shu kunlarda koʻpchilikda butun dunyo boʻylab keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq qator savollar tugʻilmoqda. Quyida tibbiyot fanlari doktori, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori Botir TADJIYEVga ana shu savollarning ayrimlari bilan murojaat qildik.

– Koronavirus yuqishi va belgilari haqida maʼlumot bersangiz?

– Koronavirus infeksiyasining yashirin davri 2 kundan 14 kungacha davom etadi. Hozirgi kunda virus tarqalishi asosan odamdan odamga yaqin aloqa oqibatida yuz bermoqda. Uning alomatlari isitma, yoʻtal va nafas qisishi hisoblanadi.

Virusni barcha yoshdagi odamlar yuqtirishi mumkin. Yoshi katta, surunkali kasallikka yoʻliqqan, immuniteti zaiflashgan odamlarda kasallik ogʻirroq kechishi mumkin. Ayni paytda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va dunyo davlatlari mutaxassislari ushbu virusga qarshi yangi vaksina va davolash metodlarini yaratish ustida faol ishlashmoqda.

– Hozirda xastalikdan saqlanishda qoʻllarni yuvish muhim oʻrin tutishi haqida koʻp gapirilmoqda....

– Toʻgʻri. Qoʻllarni tez-tez va sovun bilan yaxshilab suvda yuvishning ahamiyati beqiyos. Bundan tashqari, spirti dezinfeksiyadan foydalanish ham zarar qilmaydi. Ovqat qilish davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, uy hayvonlari oldidan qaytganda ham qoʻllarni yuvishni unutmaslik kerak. Ayni kunlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan butun aholiga qoʻl yuvishning ahamiyati haqida sms xabarlar tarqatilayotganligining sababi ham ana shunda.

– Mutaxassis sifatida koronavirusni yuqtirib olmaslik yoki uning xavfini kamaytirish uchun yana qanday ehtiyot choralarini koʻrish kerak, deb oʻylaysiz?  

– Avvalo, shamollash yoki gripp alomatlari kuzatilgan odamlar bilan yaqin aloqa qilishdan tiyiling. Yuzni qoʻl bilan ushlamang. Imkon qadar bozor, vokzal, katta doʻkonlar kabi odamlar yigʻiladigan joylarga borishni kamaytiring. Yoʻtalganda, burun qoqqanda va aksirganda ogʻiz va burningizni berkiting. Kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qoling va darhol shifokorga murojaat qiling.

– Infeksiyadan saqlanish maqsadida himoya niqobini taqib yurish qanchalik zarur?

– Bilasizmi, sizda yoʻtal, nafas olishda qiynalish kabi respirator infeksiya alomatlari kuzatilsa, shuningdek, tibbiyot xodimi sifatida infeksiya alomatlariga ega bemorga qarayotgan boʻlsangiz yoki borib koʻrsangizgina tibbiy niqobni taqib yurishingiz mumkin. Respirator infeksiyasi alomatlari mavjud boʻlmagan barcha holatlarda himoya niqoblarini taqib yurishga zarurat yoʻq.

– Infeksiyadan saqlanish maqsadida ovqat tayyorlayotganda qanday ehtiyot choralariga amal qilish lozimligi ham koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy...

– Avvalo, ovqat tayyorlayotganda, xom goʻsht va tayyor ovqatni kesish uchun alohida chopish taxtalari va pichoqlardan foydalanish zarur. Goʻsht va sut mahsulotlarini ushlagandan keyin qoʻllarni yaxshilab yuvish muhim oʻrin tutadi. Goʻsht mahsulotlarini yaxshilab pishirish lozim. Xom yoki chala qaynatilgan goʻsht mahsulotlarini isteʼmol qilishdan saqlaning.

– Safarga yoʻl olganda koronavirus infeksiyasidan saqlanish uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

– Avvalo, zarurat boʻlmaganda xorijga chiqishdan cheklanish maqsadga muvofiq boʻladi. Safarga chiqqanda infeksiyadan saqlanish uchun yuqoridagi aytib oʻtilgan, umumiy gigiyenik qoidalarga qatʼiy rioya qilishi kerak. Bunda avval, qoʻllarni spirtli nam salfetka yordamida tez-tez artib, sovunlab yuvib turish kerak. Sogʻligingiz yomonlashsa, siz bilan safarga chiqqan guruh aʼzolariga xabar qiling va imkon boʻlishi bilan shifokorni ham xabardor eting. Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlardan yiroq boʻling, agar yuqoridagi alomatlar sizda sezilsa, safarni bekor qilganingiz maʼqul.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер