Sodiq Safoyev Shvetsiyada demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti bosh kotibi bilan uchrashdi

21:06 18 Aprel 2023 Siyosat
982 0

2023 yilning 17 aprel kuni Shvetsiyaning Stokholm shahrida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti (International IDEA) bosh kotibi Kevin Kasas-Zamora bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Sodiq Safoyev, Kevin Kasas-Zamorani O‘zbekistonda so‘nggi yillarda saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar hamda umumxalq referendumi uchun e’lon qilingan yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Jumladan, Konstitusiyaga kiritilgan o‘zgartishlar, birinchi navbatda, inson huquqi va qadr-qimmatini himoya qilish kafolatlari, uning ijtimoiy himoyasi va iqtisodiy farovonligi mustahkamlanadigan Yangi O‘zbekiston qurilishiga qaratilganligi qayd etildi.

Eng muhim o‘zgartirishlar qatorida o‘lim jazosini taqiqlash, «Miranda qoidasi»ni qo‘llash, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining huquqlarini kafolatlash, «Xabeas korpus» institutini aks ettirish va boshqalarga e’tibor qaratilayotgani alohida e’tirof etildi.

Shu bilan birga, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyevalar tomonidan Konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini konstitusiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytirishga, inson va fuqaroning shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini kafolatlashga alohida e’tibor qartilganligi aytib o‘tildi.

O‘z navbatida, Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti bosh kotibi Kevin Kasas-Zamora keng jamoatchilik muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan va mamlakatda demokratiya hamda kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yordam beradigan Konstitusiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Muzokaralar yakunida demokratik institutlarni rivojlantirish sohasida tizimli tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, saylovlarni tashkil etishda shaffoflik, hisobdorlik va samaradorlikni ta’minlash, shuningdek yangilangan Konstitusiyaga muvofiq O‘zbekiston qonunchiligini uyg‘unlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun aytish mumkinki, Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u demokratik institutlar va saylov tartib-taomillarini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash sohasida faoliyat yurituvchi hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Institut, asosan saylov jarayonlari, konstitusiyaviy qurilishda yordam berish bilan shug‘ullanadi, shuningdek BMTda kuzatuvchi maqomiga ham ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер