Sirdaryodagi tibbiyot muassasalari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlandi
Foto: “Xalq soʻzi”
Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasiga defibrillyator, biokimyoviy analizator, koagulometr kabi bir necha turdagi laboratoriya va tibbiy jihozlar keltirildi. Natijada bir vaqtning oʻzida 55 tadan ortiq qon namunasini bir necha koʻrsatkich boʻyicha tekshirish imkoni yaratildi.
— Poliklinikamizda hududdagi 47 ming nafardan ziyod hamyurtlarimizga tibbiy xizmat koʻrsatiladi, — deydi Yangiyer shahridagi 37-oilaviy poliklinika mudiri Davron Ibragimov. — Oldin ular bu turdagi tekshiruvlar uchun shahar va viloyat davolash profilaktika muassasalariga borar edi. Endi esa ortiqcha vaqt va xarajat sarflashga hojat yoʻq.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga Xitoyda ishlab chiqarilgan koʻp tarmoqli lor “kombayn”i keltirildi.
— Umumiy qiymati 138 million soʻm boʻlgan mazkur tibbiy apparatning afzal jihatlari nihoyatda koʻp, —deydi shifokor Olimjon Toʻrayev. — Sirdaryo viloyatida yagona boʻlgan ushbu zamonaviy apparatda tomoq, burun, quloq yoʻllariga antiseptik dorilar yuborish va yuvish ishlari ham bajariladi. Bemor va tibbiyot xodimi oʻzlari uchun moʻljallangan alohida monitorlar orqali muolaja jarayonlarini kuzatib boradi. Yana bir jihat shuki, apparatning elektron xotirasi orqali muolajadan avvalgi va keyingi holatni taqqoslab borish imkoniyati mavjud.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring