Sirdaryoda “Telegram” orqali ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarini targʻib qilib kelayotgan guruh aʼzolari qoʻlga olindi
Shu yilning 16-iyun kuni Sirdaryo viloyati Ichki ishlar Boshqarmasi va DXX Sirdaryo viloyati Boshqarmasi tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali ekstremistik va terrorchilik tashkilotlar aʼzolarining taʼsiriga tushib, radikal gʻoyalarni targʻib qilish bilan shugʻullanib kelgan yashirin guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, guruh aʼzolari Internetning “Telegram” messenjerida virtual kanal tashkil qilib, u orqali ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarini targʻib qiluvchi audio va videomateriallarni tarqatib kelganlar.
Tezkor tadbir natijasida mazkur jinoiy guruhning Mirzaobod tumani va Yangiyer shaharlarida yashovchi 20 nafar aʼzosi qoʻlga olindi. Qoʻlga olingan shaxslarning yashash manzillaridan ekstremistik mazmundagi materiallar protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.
Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring