Sirdaryoda sotuvchi QR kodli chek soʻragan bolaning yuziga tarsaki tushirdi
Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda 12 yoshli bolani doʻkon sotuvchisi urgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan sotuvchiga maʼmuriy javobgarlikka oid ish qoʻzgʻatildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, 20-iyul kuni bolalar ombudsmaniga bolaning onasi D.J. murojaat qilib, farzandi (2011-yilda tugʻilgan) Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi doʻkonda xarid qilganda QR kodli chek soʻragani uchun sotuvchi bolani haqoratlab, bir necha bor uning yuziga urganini bildirib, sotuvchiga qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
“Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Guliston shahridagi savdo doʻkoni sotuvchisi Z.A. (erkak kishi) jamoat joyida soʻkinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik yuzasidan sodir qilgan xatti-harakatlari uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan maʼmuriy javobgarlikka oid ish qoʻzgʻatilib, ish hujjatlari jinoyat ishlari boʻyicha Guliston shahar sudiga yuborildi”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring