Sirdaryoda nogironligi boʻlgan shaxslar murojaatlari oʻrganildi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Sirdaryo viloyatidagi nogironligi boʻlgan shaxslar bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuv Guliston shahar adliya boʻlimi va Oʻzbekiston Karlar jamiyati Sirdaryo viloyat hududiy boʻlimi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirda 50 nafarga yaqin eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan fuqarolar ishtirok etishdi. Ochiq muloqot davomida mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar, ularning ijtimoiy himoyasi, taʼlim olishi, ishlashi borasida belgilangan imtiyozlar haqida maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga koʻra kamsitilishga yoʻl qoʻymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qoʻyish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal koʻrish holatlari, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi.
Uchrashuvda ishtirok etayotgan imkoniyati cheklangan shaxslar hozirda tikuvchilik, zardoʻzlik, kasanachilik va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotganliklarini hamda ijtimoiy obyektlarni nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moslashtirish borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratilayotganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Oʻzaro muloqot davomida Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov ular murojaatlarini oʻrgandi. Uchrashuvda 10 dan ortiq murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi va 3 ta murojaat nazoratga olindi. Murojaatlarda ish haqini undirish, ijtimoiy yordam olish, jumladan, uy-joyni taʼmirlash, sogʻligʻini tiklashda amaliy yordam berish masalalari koʻtarildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring