Sirdaryo viloyati hokimi Yaponiya tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qildi
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Yaponiyadan tashrif buyurgan tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Yaponiya delegatsiyasi tarkibida qurilish, logistika, sanoat, avtomobilsozlik hamda xizmat koʻrsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi. Xususan, uchrashuvda Kodaira Kogyo qurilish kompaniyasi prezidenti, Kojima Logistics logistika kompaniyasi bosh direktori, TDG Holdings hamda Kumamoto KDC Group kompaniyalar guruhi rahbarlari qatnashdi. Shuningdek, delegatsiya tarkibida Hirozawa Driving School avtomobil tayyorlash markazi, Onnetsu, Minami Holding, Asari Construction kompaniyalari hamda Fairness Japan xususiy bandlik agentligi vakillari ham boʻldi.
Yaponiya Respublikasidagi Oʻzbekiston elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, investitsiya jalb etish, zamonaviy texnologiyalar va ilgʻor tajribalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Sirdaryo viloyatining investitsiya salohiyati, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi imkoniyatlari, shuningdek, infratuzilma va logistika yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Yaponiyalik tadbirkorlar esa oʻz navbatida Sirdaryo viloyati bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirib, kelgusida aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
Aytish joizki, mazkur uchrashuv joriy yil yanvar oyida Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida oʻtkazilgan muzokaralarning mantiqiy davomi boʻlib, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring