Sirdaryo viloyat Yoshlar texnoparkining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

22:54 03 May 2023 Jamiyat
662 0

Joriy yilning 29-aprel kuni Sirdaryo viloyatida qad rostlagan “Yoshlar texnoparki”ning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, talaba yoshlar ishtirok etdi.

Texnopark faoliyati 4 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich iqtidorli yoshlarni aniqlashga qaratilgan. Bunda tanlovlar oʻtkazilib, ularda saralab olingan salohiyatli yoshlar oʻzlarining bilim va koʻnikmalari, gʻoyalari va loyihalari asosida bir qancha yoshlar uyushmalariga aʼzolikka qabul qilinadi. Ikkinchisi, oliy taʼlim muassasalari, Yoshlar akademiyasi va Yoshlar parlamenti aʼzolari safidan istiqbolli biznes loyiha va gʻoya egalari texnoparkka jalb qilinadi hamda ularning loyihalari rivojlantiriladi.

Kichik ishlab chiqarishni tashkil etish – bu navbatdagi bosqichdir. Yuqorida aytib oʻtilgan bosqichlarni bosib oʻtgan loyiha egalari Yoshlar texnoparkida kichik ishlab chiqarishni tashkil etadilar. Bunda ushbu loyiha egalariga 3 oy muddatga bepul ofis xonalari taqdim etiladi. Keyinchalik 50 foizlik ijara asosida doimiy qolish imkoni taklif qilinadi. Marketing strategiyasi ishlab chiqiladi, mahalliy va xorijiy investorlar, venchur fondlar va biznes angellar mablagʻlari yoʻnaltiriladi. Startap loyihalar uchun davlat grantlari ajratish ham koʻzda tutilgan. Vanihoyat, bozorga moslashgan mahsulot yaratish bosqichiga oʻtiladi. Bunda texnoparkda yaratilgan mahsulotlarning bozorda xaridorgir boʻlishiga amaliy koʻmaklashiladi.

Bugungi kunga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlari, shuningdek Nukus shahrida Yoshlar texnoparklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yoshlarning startap loyihalari amalga oshirilmoqda hamda 3D modellashtirish, robototexnika, mexatronika hamda veb dasturlash boʻyicha oʻquv kurslar tashkil etilgan.

Hududlardagi Yoshlar texnoparklari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Joriy yil yakuniga respublikaning 4 ta hududida ham xuddi shunday Yoshlar texnoparklari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер