Sirdaryo: hokimlarning uzri sessiyalarda eshitildi

11:33 08 Oktyabr 2020 Jamiyat
1700 0

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari natijasiga koʻra Sardoba tumani ham “qoniqarsiz” baho olgan edi. Tuman hokimi va sektor rahbarlarining hudud aholisi oldida kechirim soʻrash tadbiri xalq deputatlari Sardoba tumani Kengashi sessiyasi darajasida boʻlib oʻtdi.

 Tumanda  hududiy sanoat mahsulotlari hajmi juda  past. Yaʼni 2019-yilda uning viloyat sanoatidagi ulushi bor-yoʻgʻi 2,3 foiz boʻlgan. Yoki jami 61 milliard  446 million soʻmlik  mahsulot ishlab chiqarilib, aholi jon boshiga    hisoblanganda 941 ming soʻmdanni tashkil qilgan.  

Shuningdek, investitsiya kiritish, tadbirkorlik subyektlarini koʻpaytirish,ularga kredit ajratish, eksport hajmini oshirish va tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boshqa bir necha masalalarda ham hali bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar mavjud.

Sessiyada soʻzga chiqqan tuman hokimi A. Xidirov  va  sektor rahbarlari deputatlar, jamoatchilik hamda OAV vakillari oldida  tuman aholisidan tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida “qizil hudud”  bahosini olganligi uchun uzr soʻradilar va  reyting koʻrsatkichini jadallik bilan koʻtarish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanganligi maʼlum qilindi.

Shuningdek, Xovos tumani hokimi Uchqun Kamolovning hududning “qoniqarsiz” baho olganligi sabablari va ushbu reyting bahosini yaxshilash boʻyicha koʻrilgan choralar xususidagi axboroti ham xalq deputatlari tuman kengashining sessiyasida eshitildi. Hokim va sektor rahbarlari tuman ahlidan kechirim soʻrab, hududni tez orada ijtimoiy-iqtisodiy barqaror darajaga yetkazish boʻyicha  belgilangan “Yoʻl xaritasi”ni bayon qildilar.

Sessiyalarda  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Oʻ. Oʻrozboyev, N. Yusupov ishtirok etdi.

Maʼlumot uchun. Mamlakatimizda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish, aholi bilan muloqot tizimini yoʻlga qoʻyish, aholi turmush darajasi va bandligini oshirish, hududlarni jadal va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni taʼminlashda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi maqsadida  Davlatimiz rahbarining 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra tumanlar va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini har yili reyting baholash tizimi joriy etildi.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер