Shukronalik va mamnuniyat bayrami 

14:20 09 Dekabr 2019 Jamiyat
2210 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Xayrli tong, ibratli ishlar

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yillik bayrami kunini Toshkent viloyati dehqonlari, fermerlari, tadbirkoru ishbilarmonlari mehnatda erishgan yutuqlar, yil oxirigacha amalga oshirajak xayrli rejalari bilan munosib tarzda nishonlashdi. Tuman va shaharlarda amalga oshirilgan keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari joylarda bayram tuhfasi sifatida aholiga inʼom etildi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Bosh Qomusimizning 27 yillik bayrami tongi ayniqsa, Quyi Chirchiq tumani aholisi uchun xayrli boʻldi. Viloyat faollari ishtirokidagi tantanalar tumanda erta tongdan boshlandi. Hali quyosh choshgohga koʻtarilmasdan “Otajonov” MFY markaziga viloyat hokimligi rahbarlari, tuman, shahar hokimlari, ularning oʻrinbosarlari, prokuratura, ichki ishlar idoralari rahbar va xodimlari, viloyatdagi korxona, tashkilot hamda muassasalar rahbarlari, MFY raislari, OAV hamda keng jamoatchilik vakillaridan iborat mehmonlar oqimi kela boshladi. Hammaning yuzida tabassum, qalbida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yillik bayramiga yorugʻ yuz bilan yetkazganidan, shunday obod va ozod elda yashayotganimizdan shukronalik, mamnunlik ufurib turibdi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Mehmonlar mahallaning orasta koʻchalarida odimlasharkan, yon-atrofda qad rostlagan koʻrkam binolarning salobatidan hayajonlarini yashirolmadilar. Bayram tantanasi ishtirokchilari dastlab, ikki qavatli, arxitektura madaniyati chiroyini oʻzida jamlagan “Otajonov” qishloq vrachlik boʻlimi binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etishdi.

Zamonaviy tibbiyot anjomlari bilan jihozlangan, 3692 nafar aholiga xizmat koʻrsatuvchi bu tibbiyot maskanida malakali shifokorlar, patronaj, 3 nafar patronajdan tashqari hamshira faoliyat olib boradi. Uning bemorlar qabul qilish imkoniyati 200 nafar kishiga moʻljallangan. Tuman markazidagi tibbiyot birlashmasidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan mahalla ahli uchun ushbu maskan kutilmagan sovgʻa boʻldi. Bunday oʻzgarishlar muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 1-3-iyun kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari boʻyicha tuzilgan “Yoʻl xaritasi“ga asosan amalga oshirilganligi diqqatga sazovordir.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Shundan soʻng mehmonlar mahallaning koʻrkam koʻchalari boʻylab qad rostlagan boshqa mdaniy-maishiy binolarni koʻzdan kechirishdi. Ana shunday salobatli binolardan birining ikkinchi qavatida tadbirkor Murodjon Qoʻchqorov rahbarligida tikuvchilik bilan shugʻullanuvchi korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerdagi zamonaviy tikuv mashinalarida 50 nafar chevar, ayollar va bolalar uchun bejirim liboslar tikishmoqda. Yaqin kunlarda yangi ish oʻrinlari soni yuz nafarga yetkaziladi. Hozircha mahsulotlar ichki bozorda sotilyapti.

Yillik daromad 1 mln. 708 ming dollarni tashkil etmoqda

Keyingi manzil “Paxtazor” MFYdagi bunyodkorlik ishlarining namoyishi bilan boshlandi. Bu yerda ish boshlagan “White tex group” MCHJda 120 nafar qishloq ayollari, erkaklar ichki kiyim-kechaklari, jajji kichkintoylar uchun liboslar majmui, paypoqchalar, oʻsmir qizlar uchun kiyim-kechaklar tikishmoqda.

— Mahsulotlarimiz sifati kun sayin yaxshilanmoqda. Yangi bichim, yangicha koʻrkamlik yaratilyapti,-deydi tikuvchi Sayyora Ashurmatova. — Bunday samimiy jamoada ishlayotganimdan nihoyatda mamnunman. Ushbu sifatli mahsulotlar bugun oʻzimizda, Toshkent viloyatining obod bir qishlogʻida ishlab chiqarilayotganiga ishonging kelmaydi. Bu yutuqlar yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, barcha huquqlarimizning qonuniy kafolati taʼminlanayotganligi mevasidir. Buning uchun eng avvalo davlatmiz rahbariga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

— Korxonamizning yillik daromadi 1 million 708 ming AQSH dollarini tashkil etmoqda,-deydi korxona rahbari Joʻrabek Qulnazarov — Jamoamizning galdagi rejalari yanada yuksak. Yaqin kelajakda bu yerda ipakchilik klasteri asosida ishlaydigan yana bir yangi korxona bunyod etiladi. Oʻttiz gektar maydonda uning oʻz tutzori boʻladi. Boʻyi 24, eni 12 metrlik pillaxonada 10.000 quti ipak qurti parvarishlanadi. Ularga 50.000 ta laboratoriya xizmat koʻrsatadi. Uning yonida yiliga 300 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan, Belgiya va Shveysariyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan fabrika ish boshlaydi. 550 tonna xoʻl va 220 tonna quruq pillani qayta ishlab, sifatli ipak yigiriladi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 4,7 million AQSH dollarini tashkil etmoqda. Korxona toʻliq quvvat bilan ishga tushgach, 5,8 million AQSH dollari hajmidagi mahsulot ishlab chiqariladi. Mahsulotning 80 foizi eksport qilinadi. Fabrikada eksatselliyor, gerbishin, ipak paypoq, gilam, soʻzana kabi kamyob, ayni damda xorijda va ichki bozorda xaridogir boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Korxona 350 nafar qishloq yoshlarini yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlaydi.

Chekka qishloqdagi korxona xorij bozorini zabt etdi

Mehmonlar tushgan avtobuslar korteji tumanidagi “Beruniy” MFY tomon yoʻl oldi. Dastlab, mahalladagi shoh koʻchada tashkil etilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishtirildi.

Tadbirkor Sherzod Subanov rahbarlik qilayotgan “Yoshlar innovatsion markazi”dagi 3000 ta kitob fondiga ega boʻlgan kutubxona, kompyuter oʻquv kurslari, rus, ingliz, koreys tillarini oʻrgatish markazi, sport sogʻlomlashtirish klubi ish faoliyati mehmonlar tanishgan ibratli tashabbuslardan yana biri boʻldi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Yoshlar markazining yonginasida “Shoy meng business” MCHJ korxonasi ishlab turibdi. Bu yerda yaratilgan 120 kishilik yangi ish oʻrinlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar bolalarning bejirim kiyim-kechaklarini tikishmoqda.

— Bir ish kunida 1500-2000 dona mahsulot tayyorlaymiz,-deydi tikuvchi Dilnoza Haydarova. — Oylik maoshimiz bir yarim million soʻmgacha koʻtarildi. Mahsulotlarimizning xorijda xaridorgir boʻlayotganligi bizni behad quvontirmoqda. Qizlarimizning yuzidagi tabassum bugungi kunimizdan mamnuniyat va Yaratganga shukronalikdan. Fuqarolarning mehnat qilishi, farovon yashashi uchun barcha huquqlarini taʼminlab bergan bosh Qomusimizning bugungi bayrami biz uchun juda xayrli va quvonchli boʻldi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

— Korxonamiz jamoasi har oyda 45.000 dona mahsulotni Rossiya bozoriga eksport qilayotir,-deydi korxona rahbari Faxriddin Yusupov. — Yil oxirigacha tashqi bozorga 200 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot sotish rejamiz bor. Kelajakda Belorus va Ukraina davlatlaridagi xaridorlarimiz bilan eksport shartnomalari imzolash niyatidamiz. Bu jamoamiznig moddiy manfaatdorligini yanada oshirish imkonini beradi.

Quyi Chirchiq tumanidagi obodonchilik va iqtisodiy yuksalishlar borasida amalga oshirilayotgan ibratli ishlar bilan tanishish jarayoni “Beruniy” MFYdagi Madaniyat markazi binosining ochilish marosimi bilan nihoyasiga yetdi. Markazda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yillik bayrami keng nishonlandi. Sanʼat ustalari ishtirokida namoyish etilgan konsert dasturi yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Shodiyor Mutaharov
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер