Shu kunlarda chorva qishlovi qanday oʻtyapti?
Foto: Xalq so‘zi
Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi mavjud 207 ta fermer xoʻjaligi va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 343 ming 600 bosh mayda shoxli hayvonlar, jumladan, 88 ming 250 bosh qorakoʻl qoʻylari parvarish qilinmoqda.

“Oʻzagroinspeksiya” Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, chorva mollarini qishlovdan betalofat olib chiqish maqsadida 2 million 339 ming tonna dagʻal hashak jamgʻarilgan. Qish-qirovli kunlarda ozuqa bazasini mustahkamlash, qoʻsh-qoʻton, qoʻyxonalar, molxona va parrandaxonalarni isitish, molboqarlar, choʻpon, chorvadorlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoyalashning barcha choralari koʻrilmoqda.
Viloyatning chorvachilik tumanlarida shtablar tashkil etildi. Ularga mutaxassislar, texnik xodimlar, shuningdek, traktor va tirkamalar, yuk mashinalari jalb qilindi. Chorvachilik xoʻjaliklariga veterinar va tajribali chorvadorlar biriktirilib, kechayu kunduz faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Jumladan, Nurobod tumanida qoʻychilikka ixtisoslashgan 2 ta klaster va 94 ta fermer xoʻjaligi mavjud boʻlib, ularga 314 ming gektar yaylov yerlari ajratilgan. Ushbu xoʻjaliklarning 6 tasi qorakoʻlchilik yoʻnalishida boʻlib, ularda jami 70 ming 200 bosh naslli qorakoʻl qoʻylari mavjud.
Tumandagi chorvachilik xoʻjaliklarida qishlovni yoʻqotishlarsiz, samarali oʻtkazish maqsadida jami 70 ming tonnadan ortiq ozuqa jamgʻarilgan. Inspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan choʻponlar uchun yaratilgan sharoitlar, toʻl mavsumiga tayyorgarlik tadbirlari kunlik nazoratga olingan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring