“Shovot ijod maktabi” — yosh isteʼdodlarni jipslashtirgan adabiy maskan
Foto: “Xalq soʻzi”
Yurtboshimiz 2020-yil 20-may kuni poytaxtimizda barpo etilgan Adiblar xiyoboni ochilishiga bagʻishlangan uchrashuvda soʻzlagan nutqida “Adabiyot — xalqning yuragi” deya taʼkidlagan edi. Haqiqatan, adabiyotsiz, maʼnaviyat va maʼrifatsiz har qanday xalq tanazzulga, hatto yoʻqlikka mahkum boʻladi. Adabiyoti erkin nafas olgan, maʼnaviyati yuksalgan mamlakat esa taraqqiyot pillapoyasidan yuqori koʻtarilaveradi.
Bugun yurtimizda inja sanʼatni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ijodkorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan umrini adabiyotga bagʻishlagan atoqli shoir-yozuvchilar, adabiyotshunoslar xotirasini abadiylashtirish, ijodiy merosini targʻib qilish maqsadida Toshkent shahrida Adiblar xiyoboni barpo etildi. Respublikamiz miqyosida katta-kichik adabiy-badiiy tadbirlar, anjumanlar, nazm va nasr kechalari muntazam oʻtkazilyapti. Bularning barchasi yozuvchi-shoirlar ruhini koʻtarmoqda. Yonib ijod qilishga undamoqda.

Keyingi yillarda Xorazm viloyatida adabiy muhit, ijodiy jarayonlar ancha jonlandi, viloyatning turli joylarida yashab ijod qilayotgan shoir-yozuvchilar bir-biridan sara, badiiy jihatdan pishiq asarlar yaratishmoqda. Viloyat adabiy muhitida oʻziga xos oʻringa ega, yoshu qari ijodkorlarni birlashtirgan adabiy maskanlardan biri — “Shovot ijod maktabidir”.
Qayd etish joizki, ushbu ijodiy maktab bundan 8 yil muqaddam mustaqil ijodkorlar tomonidan tashkil etilgandi. Shu paytgacha 100 dan ortiq turli yoshlardagi ijodkorlarni jamlagan ushbu maskan bugun nafaqat tuman, balki viloyatda ham oʻz oʻrniga ega. Ijodkorlar oyda ikki marotaba oʻtkaziladigan toʻgarak mashgʻulotlarida yangi nashr qilingan adabiy-badiiy asarlar bilan tanishadi, oʻz ijod namunalarini muhokamaga qoʻyib, ustozlar, qalamkash doʻstlarining fikr-mulohazalarini tinglashadi. Toʻgarak mashgʻulotlariga yilda ikki-uch marta taniqli yozuvchi-shoirlar ham tashrif buyurib, ijodiy uchrashuvlar, adabiy muloqotlar tashkil etiladi. Umuman olganda, ijod maktabi yosh, boshlovchi ijodkorlarning shakllanishida, adabiyot saboqlarini oʻrganishida ahamiyati katta.
— Qadrdon ijod maktabimiz qisqa davrda viloyatimiz adabiy hayotida oʻz yoʻlini topdi, — deydi ijod maktabining badiiy rahbari, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va tarjimon Qadamboy Shodonov. — Tajribali ijodkorlar atrofida yosh isteʼdodlar jamlandi. Ularning aksariyati bu yerda bilim va mahoratini boyitib, oʻz ijod yoʻlini, hayotda oʻz oʻrnini topdi, topishmoqda ham. Biz esa hamisha duoda, ularning kamol topib, yetuk ijodkor boʻlishini chin dildan istaymiz. Toʻgaragimiz odatda tumandagi Axborot-kutubxona markazida boʻlib oʻtadi. Bundan 3 yil oldin kutubxona taʼmirlanishga tushdi, biroq oʻsha paytlarda ham yigʻilishdik, toʻgaragimiz toʻxtab qolgani yoʻq. Hatto kutubxona roʻparasidagi bogʻda oʻtirib suhbatlashgan chogʻlarimiz ham boʻldi. Buning sababi, albatta, adabiyotga, adabiyot orqali diydorga boʻlgan tashnaligimizdir.
Darhaqiqat, “Shovot ijod maktabi” faoliyati davomida oʻz yuzini yorugʻ qilib ulgurdi. Maktabning ustunlari sanalgan yoshi ulugʻ ijodkorlarning asarlari — sheʼriy, nasriy, publitsistik, ilmiy kitoblari, risolalari chop etildi. Shuningdek, bu maskanda ustozlardan saboq olgan yosh ijodkorlar orasidan “Mard oʻgʻlon” mukofoti sohiblari, har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan Zomin yosh ijodkorlar seminarining hududiy, respublika bosqichi gʻolibu qatnashchilari, koʻplab tanlovlar sovrindorlari yetishib chiqayotgani soʻzimizning yaqqol tasdigʻidir.

— Bu toʻgarakka kelgan paytim hali adabiyot, sheʼriyat borasidagi bilimlarim yetarli emasdi, — deydi ijod maktabi aʼzosi, Zomin seminari qatnashchisi Umidjon Qoʻziyev. — Sheʼriyat qonun-qoidalari — vazn va qofiyani oʻrganishdan boshlangan saboqlar bugun katta-katta asarlar tahliliga bogʻlandi. Shu yerda kamol topdim, turli tanlov va tadbirlarda qatnashdim, sheʼriy kitoblarim chop etildi. Bularga erishishimda ijod maktabining oʻrni katta, albatta. Ustozlardan olgan bilimlarimiz bizga nafaqat adabiyotda, balki hayotda ham yaqindan koʻmak bermoqda, desam, adashmagan boʻlaman.
Ijod maktabi aʼzolari viloyat, tumanda oʻtkazilgan turli tadbirlarda faol qatnashib kelmoqda. Shuningdek, “Telegram” ijtimoiy tarmogʻida maktabning “Shovot ijod maktabi” deb nomlangan guruhi ham tashkil etilgan. Unda respublika, voha adabiy muhiti, shuningdek, toʻgarak aʼzolari faoliyatiga oid yangiliklar yoritib boriladi.
Yoshi ulugʻ ijodkorlar va navqiron avlod vakillarining toʻgarak davomidagi suhbatiga shohid boʻlar ekanmiz, bu maskandan adabiyot sirlarini oʻrgangan yoshlar hali kelajakda bundanda katta marralarni zabt etishiga amin boʻldik.
Mazkur ijod maktabi qatnashchilarining fikri yakdil, qaniydi ularga homiy boʻlsayu toʻgarak mashgʻulotlari yanada koʻproq tashkil etilsa, kimdir ularga dastak boʻlib, badiiy kitoblar bilan taʼminlab tursa, nur ustiga nur boʻlardi. Istardikki, barcha viloyatlarimiz, tumanlarimizda shunday ijodkorlarni birlashtiruvchi ijod maktablari faoliyat yuritsa, bunga hukumat tomonidan ham alohida eʼtibor qaratilib, ijod qilishlari uchun zaruriy sharoitlar yaratilsa, adabiyot boʻstonida yangidan-yangi gullar ochilar, gʻunchalar kurtak ochar, koʻp yillik chinoru gujumlar yanada gurkirar, xullas, bu koʻrkam bogʻ bezavol yashayverardi...
Adabiyotga, maʼnaviyatga eʼtibor — kelajakka eʼtibordir. Zero, muhtasham adabiyot bogʻi bugun beega, shoir-yozuvchilarimiz eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq. Natijada yosh isteʼdodlar, yangi nomlar kamolga yetmoqda. Yurtimizning bir chekkasida, qardosh Turkmaniston viloyatiga chegaradosh tumanda faoliyat olib borayotgan “Shovot ijod maktabi” ham adabiyotimiz ertasi boʻlishga bel bogʻlagan yoshlarni tarbiyalab, bu ezgu ishga imkoni qadar kamarbasta boʻlmoqda, desak, mubolagʻa emas.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring