Shofirkonda endi “Yoshlar markazi” bor
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 14-30 yosh oraligʻidagi yigit – qizlar 47 ming nafardan ziyodni tashkil etadi. Ularning zamonaviy ilmlarni egallashlari, kasb-hunarli boʻlishlari, oʻz layoqatlarini yuzaga chiqarishi, maʼnan yetuk inson boʻlib voyaga yetishlari uchun tumanda maktabu texnikum, kollej va kasb-hunar taʼlimi muassasalaridan tashqari musiqadan saboq beruvchi maskanlar, hatto futbolga ixtisoslashtirilgan maktab-internat bor.
Ammo shu paytga qadar tumanda “Yoshlar markazi” yoʻq edi. Yoshlar ishlari agentligining Shofirkon tuman boʻlimi hokimlik binosidan ajratilgan bitta xonada joylashgan, mabodo bu yerga toʻrtta odam kirib kelsa, oʻtirgani joy topilmasdi. Nihoyat, shu noqulaylikka barham berildi.

Shofirkon qishloq xoʻjaligi texnologiyalari texnikumi binosining bir qismi “Yoshlar markazi” uchun ajratilib, 650 million soʻm mablagʻ evaziga mukammal taʼmirdan chiqarildi. Muhimi, yoshlar bu yerda boʻsh vaqtlarini mazmunli, foydali oʻtkazishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. Ushbu maqsadda “Axborot texnologiyalari”, “Zakovat”, “Yosh jurnalistlar”, shaxmat-shashka klublari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda kutubxona va sport maydonchasi ham barpo etildi. Endi hamma gap shofirkonlik yoshlarning shu imkoniyatlardan oqilona foydalanishida.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring