“Shirmon nonni chakichlab, tandirga yopib qoʻydim...”

22:06 07 Mart 2022 Jamiyat
1522 0

Foto: Халқ сўзи

Har goʻshaning oʻziga yarashgan urf-odati bor. Aytaylik, Namangan mazasi ogʻizda qoladigan olmayu anori, undan ham shirin mahalliy shevasi bilan kishini oʻziga maftun etadi. Muloyim ohangi bilan tinglovchiga yoqib tushadigan, samimiy takallufga yoʻgʻrilgan soʻzlar ajib sehrga egaki, eshitgan koʻngil yayraydi.

«Moʻtti-moʻtti» qoʻshigʻini bilasiza, u yangraganda koʻhna va navqiron kentning gavjum koʻchalari, tong sahar koʻcha supurayotgan navnihol kelinchaklar, shirin kalomi bilan dilingizni yayratib yuboradigan shinavanda insonlar keladi koʻz oʻngingizga. Darvoqe, bu mashhur laparning el ogʻziga tushganiga ham yarim asrdan oshdi-yov. Uni dastlab Namangan shahrining ilk folklor dastasi - “Yetti goʻzal”ning sohir ovoz sohibalari - Boʻstonxon Poshshayeva, Hosiyat Toʻraboyeva maromiga yetkazib ijro qilishgan. Keyinchalik “Baqqol”, «Duchava», “Namanganning olmasi”, «Yalli yalo» singari oʻnlab qoʻshiqlar bilan muxlislar mehrini qozongan jamoaning bugun Namangan viloyat madaniy hayotidagi oʻrni boʻlakcha. Bugun “Yor-yor” nomi bilan faoliyat yuritayotgan dasta xalq jamoasi maqomini olgan. Madaniy-maʼrifiy tadbirlar, toʻy-tantanalar folklor namunalarini avloddan-avlodga eltayotgan ushbu guruhning ishtiroki bilan mazmunli.

— Lapar qoʻshiqchilikning oʻziga xos murakkab turi, — deydi “Yor-yor” folklor dastasi rahbari, “Doʻstlik” ordeni sohibasi Yoqutxon Rahmatullayeva. — Uning ijrochisidan bir paytning oʻzida xonanda, doirachi va raqqosalikni uddalash talab etiladi. Momolardan meros koʻhna sanʼatni dunyo miqyosida targʻib qilish ham doimiy eʼtiborda. Germaniya, Gollandiya, Shveysariya, Fransiya sahnalari, qator nufuzli anjumanlardagi chiqishlarimiz bunga misol. Yurtimizda anʼanaga aylangan “Asrlar sadosi”, “Boysun bahori”, “Nurli navolar” festivallari, xalqaro “Alla” tanlovida sovrinli oʻrinlarni egallab kelyapmiz.

Namanganda azaliy qadriyatimiz Navroʻzning har yilgi tantanalari “Yor-yor”chilarning alohida dasturi bilan fayzli oʻtadi. Boisi, yangilanish ayyomini sogʻingan koʻngillarga tortiq etiladigan har bir laparda milliy qadriyatlarimizning maʼlum bir boʻlagi akslanadi. Bu yilgi bayramga tayyorlangan moʻjaz dasturdan oʻrin olgan “Shirmon non” sahnali qoʻshigʻi ham tomoshabinlarga manzur boʻlmogʻi tayin. Sheʼrini Yoqutxon Rahmatullayevning oʻzi yozgan ushbu qoʻshiqqa hamohang tarzda Namanganning totli neʼmati, suluvlar yuziga qiyoslanadigan shirmonning yaratilishi, xalqimiz uni naqadar suyib isteʼmol qilishi mohirona sahnalashtirildi. Yurakdan kuylaydigan Fotima Akbarova, Mavluda Turgʻunova, Feruza Oxunova, Jasur Abdugʻafforov, Odiljon Mamajonov, Murod Adashev singari 16 nafar ijrochi mahorati bilan qiyomiga yetkazilgan lapardagi har bir harakat tomoshabinni shirmonpazlikning sehrli olamiga yetaklaydi. Jamoa yangi qoʻshiq taqdimotini jamoatchilik koʻrigidan oʻtkazib ulgurdi.

Navroʻz – umumxalq bayrami kunlari “Yor-yor” folklor dastasi Namangan shahrida Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, shuningdek, “Afsonalar vodiysi” tematik parkida uyushtiriladigan xalq sayllarida oʻz chiqishlari bilan kattayu kichikka yanada quvonch ulashishni niyatida qizgʻin taraddud koʻrmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер