Shifokor ogohlantiradi: Bir lahzalik quvonch bir umrlik kulfatga aylanmasin
Foto: SSV matbuot xizmati
Bayram shukuhi kezib yurgan shu kunlarda dilxiralikka sabab boʻluvchi bir holat bor. Bu — «paqildoq»lar muammosi.
Ushbu xavfli “oʻyinchoq”larni yashirincha pullayotganlar qonun oldida javob bermoqda. Ammo bunday “matoh”lar xaridori boʻlgan bolalar salomatligiga nega ota-onalar, keng jamoatchilik befarq?
Doniyor Alimov,
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori:
Har yili Yangi yil arafasida va bayramdan keyingi kunlarda pirotexnika vositalaridan olingan jarohatlar tufayli birgina markazimizga oʻnga yaqin ogʻir ahvoldagi bemorlar murojaat qiladi.
Qolaversa, markazning hududiy filiallariga umumiy hisobda 20-30 nafar bemor shoshilinch ravishda olib kelinadi. Eng yomoni, ulardan 50 foizi shifoxonada uzoq yotib davolanishiga toʻgʻri keladi.
Yuz, qoʻl sohalarida ogʻir kuyish jarohatlari, koʻzlar shikastlanishi va koʻrish faoliyati qisman yoki butunlay buzilishi kuzatiladigan bunday bemorlar, afsuski, tegishli muolajalardan keyin ham qator asoratlardan aziyat chekishi mumkin. Hatto bir qismi nogironlikka mahkum boʻladi.
Qolaversa, yuz, qoʻl va badandagi dagʻal chandiqlar «paqildoq»dan bir umrlik dogʻ boʻlib qolishi ehtimoli katta.
Bundan tashqari, pirotexnika vositalari shovqinidan choʻchib, surunkali asab va qon-tomir tizimi kasalliklari, qandli diabetga chalingan, umrbod karlikka yoʻliqqanlar va hali yorugʻ dunyo yuzini koʻrmagan zurriyotidan judo boʻlganlar ham uchraydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring