Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga keldi
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 12-oktyabr kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahriga keldi.
Davlatimiz rahbarini aeroportda Qozogʻiston Bosh vaziri A.Smailov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
13-14-oktyabr kunlari Ostonada ikkita sammit – Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining majlislari boʻlib oʻtadi. Prezidentimiz ularda ishtirok etib, nutq soʻzlaydi.
Sammitlar kun tartibiga oʻzaro savdoni koʻpaytirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, samarali transport kommunikatsiyalarini shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish masalalari kiritilgan.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Prezidenti hamkor mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar va koʻp tomonlama muzokaralar ham oʻtkazadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring