Shavkat Mirziyoyev Makron bilan muloqot qildi

21:11 30 Avgust 2021 Siyosat
1614 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida Fransiya Prezidenti davlatimiz rahbari va koʻp millatli Oʻzbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan dildan qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tiladi.

Yetakchilar Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarining amaliy jihatlarini koʻrib chiqdilar, xususan, 2018-yil oktyabr oyida Parij shahridagi sammitda erishilgan kelishuvlarga muvofiq “yoʻl xaritalari”ning bajarilishini muhokama qildilar.

Bugungi kunda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qazib chiqarish, energetika, sanoat, transport va kommunikatsiyalar sohalari, kommunal xoʻjalikni modernizatsiya qilish, turizm klasterlarini rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlarda ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan moliyaviy-texnik hamkorlik boʻyicha uzoq muddatli dastur qabul qilingan.

Birgalikdagi tashabbuslarni ilgari surish maqsadida joriy yil may oyida Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va Fransiya ishbilarmonlarining nufuzli delegatsiyasi ishtirokida biznes forumi oʻtkazildi.

Bir qator qoʻshma madaniy tadbirlarni yuksak darajada oʻtkazish, shu jumladan kelgusi yilning birinchi yarmida Luvr muzeyida mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlangan koʻrgazmani tashkil etishga kelishib olindi.

Prezidentlar Afgʻonistondagi harbiy-siyosiy ahvolning keskinlashishi taʼsirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashdilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va almashinuvlarni faollashtirish muhim ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Fransiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek amaliy, ishchan va doʻstona ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер