Shavkat Mirziyoyev xalqimizga murojaat qilib, vatandoshlarimizni konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqirdi

14:45 20 Iyun 2022 Siyosat
579 0

Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvi davomida xalqimizga murojaat qilib:

“Aziz yurtdoshlar, bugun notinch dunyoda, oʻta tahlikali zamonda yashayapmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotida gʻoyat masʼuliyatli davrni boshdan kechirmoqdamiz. 

Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan barcha islohotlarimiz har birimizning bugun va kelajakda farovon hayot kechirishimizni taʼminlashga qaratilgan.

Har bir yurtdoshimiz oʻz hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, shaʼni va gʻururini ulugʻlab, Vatani va xalqiga togʻdek tayanch boʻlib yashashga qodir, erkin va azmu shijoatli insonlardir. 

Shu bois barchamiz Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni ongu tafakkurimiz, qalbimizdan oʻtkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatimizni bildirishimiz lozim.

Barchamiz Asosiy qonunimizda oʻzimizni, oilamizni, mahallamizning orzu-umidlarini koʻrishga intilayotganimiz – bu tabiiy va mutlaqo toʻgʻri.

Oʻylaymanki, Konstitutsiyaga kiritiladigan barcha tuzatish va qoʻshimchalar mamlakatimizning 14 ta hududiy birligidan iborat yagona davlatni, millati va elatidan qatʼi nazar, yagona va qudratli Oʻzbekiston xalqini yanada jipslashtiradi hamda ulugʻvor maqsadlar sari safarbar etadi. 

Shu bois barcha aziz vatandoshlarimizni konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqiraman. 

Hech qachon unutmaylik, bu jarayondagi ishtirokimiz bilan oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimiz mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratamiz. 

Qadrli vatandoshlarim!

Sizlarni ishontirib aytmoqchiman, davlatimiz yangilanayotgan Konstitutsiyamiz moddalarini hayotda toʻla qaror toptirish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etadi. 

Bu yangiliklar aniq qonun va kodekslar, amaliy dasturlar va rejalar bilan hayotimizda albatta oʻz aksini topadi. Har bir konstitutsiyaviy norma ijrosini taʼminlash boʻyicha aniq ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy-huquqiy chora-tadbirlar koʻriladi.

Biz ishlashga – ishi, yashashga – uyi boʻlgan, fuqarolari tinch va erkin, hayotdan mamnun, dasturxoni toʻkin, oilasi baxtiyor va farovon yashaydigan davlat qurishni maqsad qilganmiz.

Biz ana shunday buyuk ishlar arafasida turibmiz. Kuchli iqtisodiyot barpo etib, dunyoda munosib oʻrnimizni egallashimiz, xalqimizga yuksak sharoitlar yaratish uchun ham juda koʻp ishlarni birgalikda amalga oshirishimiz kerak.

Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni taʼminlash – barchamizning bosh maqsadimizdir!

Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda oʻzaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman.

Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi boʻladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib, Yangi Oʻzbekistonni albatta birgalikda barpo etamiz.

Oradan yillar, asrlar oʻtadi, lekin gʻoyat murakkab sharoitda bunday ulkan islohotlarni amalga oshirishga munosib hissa qoʻshgan insonlarni kelgusi avlodlar hech qachon unutmaydi.

Ana shunday buyuk baxt va sharaf barchamizga yor boʻlsin!”, deya taʼkidladi soʻzining yakunida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер