Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston delegatsiyasini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni Afgʻoniston Islom Respublikasining delegatsiyasi – mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va Prezident Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgarni qabul qildi.
Uchrashuvda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Afgʻoniston hamkorligini yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama munosabatlarning bugungi surʼatini saqlab qolish va avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekanini alohida taʼkidladi.
Bu borada soʻz yuritilganda, avvalo, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uni yaqin yillarda kamida 2 milliard dollarga yetkazish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va logistika sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida muhim dasturlarni amalga oshirishni qayd etish lozim.
Afgʻoniston delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekiston Prezidentini koʻrsatilgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan qatʼiy saʼy-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.
Bugun Toshkent shahrida xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirokida oʻtgan Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha uch tomonlama ishchi guruh birinchi yigʻilishining samarali yakunlari yuksak baholandi.
Uchrashuvda tomonlar ushbu loyihani tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash, qabul qilingan “yoʻl xarita”si asosida xorijiy hamkorlar va salohiyatli investorlarni faol jalb qilish muhim ekanini taʼkidladilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring