Shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmaydi
Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida harbiy xizmatchilarni “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati bilan tanishtirishga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Erkin Solixov, Iqbol Mirzaaliyevlar ishtirok etib, yangilanayotgan Bosh qomusimiz haqida maʼlumotlar berishdi.
Taʼkidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga koʻpaymoqda. Yaʼni, Konstitutsiyamiz qariyb 65 foizga yangilanmoqda. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Konstitutsiyamizda shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi belgilanmoqda. Bugungi kunda sudlanganlik olib tashlangandan yoki sudlanganlik holati tugallangandan soʻng ushbu fakt shu shaxsning oʻziga, uning hayotiga taʼsir etishi mumkin boʻlmagan sharoitda, eng ajablanarlisi, uning oila aʼzolari, yaqin qarindoshlari hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi uchrab turadi.
Xususan, qonuniy taqiqlarga qaramay, ayrim davlat boshqaruvi organlariga ishga kirish jarayonida muayyan bir lavozimga talabgorlar uchun aynan shunday real toʻsiq yaqin qarindoshlarining sudlanganlik fakti hisoblanadi. Qolaversa, mehnat qonunchiligiga koʻra, shaxslarni yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik holati ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etish, deb hisoblanadi.
Qayd etilganidek, oʻzbek oilasida 4-5 nafar aka-uka va opa-singil, bir necha farzandlar boʻlsa, bu oilaning birgina aʼzosi qilgan xatosi 10 dan ortiq yaqin insonlarining hayotiga salbiy taʼsir etadi. Qanchalik urinmasin, mehnat qilmasin, yaqinining sudlanganligi holati insonning kasbiy oʻsishi, shaxs sifatida rivojlanishi, jamiyatda nufuzli mavqega ega boʻlishiga toʻgʻridan-toʻgʻri toʻsiq boʻladi.
Shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi kerakligi toʻgʻrisidagi norma mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni oʻz orzu-umidlaridan voz kechishga, qanchadan-qancha yosh oilalarni turmushdan ajrashishigacha majbur qilgan bunday taqiqlarga chek qoʻyadi hamda har bir shaxsning qonun va jamiyat oldida oʻzi javob berishi tamoyilining real kafolati boʻlib xizmat qiladi.
Tadbirda Konstitutsiyada belgilanayotgan barcha normalar ishtirokchilarga keng va atroflicha tushuntirib berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring